Mahalliy

“Ko‘zi ko‘radigan biror kishini olib keling!” Notariuslarning ichki yo‘riqnomasi qonundan qanday ustun keldi?

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lganlar notarial xizmatlardan foydalanishda tizimli kamsitishlarga duch kelyapti. Notariuslar qonunda belgilangan faksimil imzolarni qabul qilmay, Ko‘zi ojizlar jamiyatidan vakil olib kelishni talab qilmoqda. Dilmurod Yusupov va Abdullo Abduxalilov tizimni o‘zgartirishga chaqirmoqda.

**"Ko‘zi ko‘radigan kishini olib keling!": Notariuslarning ichki yo‘riqnomasi qonundan ustun kelmoqda**

Ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar notarial xizmatlardan foydalanishda doimiy ravishda kamsitishlarga duch kelmoqdalar. Notariuslar idoraviy yo‘riqnomalarni bahona qilib, ko‘zi ojiz shaxslarning qonuniy faksimil imzolarini qabul qilishdan bosh tortmoqdalar.

Dilmurod Yusupov va Abdullo Abduxalilov ushbu byurokratik to‘siq ko‘zi ojiz fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini qanday buzayotganini tahlil qiladilar.

Joriy yilning 24-iyul kuni tug‘ma birinchi guruh ko‘rish nogironligi bo‘lgan Abdullo aka o‘g‘li bilan Yashnobod tumanidagi notarial idoraga bordi. U boshqa shaxs uchun bank kartasini olishga oddiy ishonchnoma rasmiylashtirishi kerak edi. Biroq, davlat xizmatini olish o‘rniga, u byurokratik to‘siq va nogironlik belgisi bo‘yicha ochiq kamsitishga duch keldi.

Notarius hujjatlarni rasmiylashtirishni rad etib, buning uchun O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatidan vakil olib kelish zarurligini qat’iy ta’kidladi.

Vaziyatni joyida hal qilishga urinish yanada kattaroq absurdga olib keldi. Notarial palataga qilingan telefon qo‘ng‘irog‘i paytida uning xodimi mutlaqo etika talablariga to‘g‘ri kelmaydigan savol berdi: "Siz tug‘ma ko‘zi ojizmisiz yoki nogironlikni orttirganmisiz?" Abdulloda nogironlik tug‘ma ekanini bilgach, u avval aytilgan Ko‘zi ojizlar jamiyatidan vositachi topish talabini tasdiqladi.

Demak, agar ko‘rish bo‘yicha nogironlik orttirilgan bo‘lsa, Ko‘zi ojizlar jamiyatidan vakil chaqirishning keragi yo‘q ekan. Hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ushbu yo‘riqnoma vaziyatni yanada absurd holatga keltirmoqda.

Afsuski, bu holat bitta notariusning xatosi emas, balki barcha ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar duch keladigan tizimli muammodir.

Bugungi kunda davlat yo‘riqnomalari amalda muomalaga layoqatli, mustaqil fuqarolarni ikkinchi darajali odamlarga aylantirib, ularni o‘z hayotlarini boshqarish huquqidan mahrum qilmoqda.

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha huquqlarga ega va muomalaga layoqatli fuqarolardir. Ular o‘z xatti-harakatlari uchun to‘liq javob bera oladi. Ular hujjatlarni mustaqil imzolashlari uchun butun dunyoda tan olingan faksimil — shaxsning o‘z qo‘li bilan qo‘ygan imzosining o‘rnini bosuvchi maxsus tayyorlangan shtamp ishlatiladi.

O‘zbekistonda bu huquq "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasida aniq belgilab qo‘yilgan. Qonunda nogironligi bo‘lgan shaxsning faksimil imzosi rasmiy imzo sifatida tan olinishi va yuridik kuchga ega ekani to‘g‘ridan to‘g‘ri aytilgan.

**Skrinshot: "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi**

Lekin amaliyotda notariuslar ushbu qonunni e’tiborsiz qoldirmoqda. Ular faksimil imzo qo‘yilgan hujjatlarni qabul qilishni qat’iyan taqiqlovchi o‘zlarining ichki idoraviy yo‘riqnomasiga (Adliya vazirligining 2019-yildagi Notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomasining 9-bandi) asoslanyapti.

Natijada o‘ta qo‘pol huquqiy kolliziya yuzaga kelmoqda: qandaydir sabablarga ko‘ra, alohida vazirlikning qonunosti hujjati O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va Konstitutsiyasidan ustun qo‘yilmoqda. Biroq "Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, idoraviy yo‘riqnomalar qonunosti hujjatlari hisoblanadi va hech qanday holatda qonunlarga zid kelishi mumkin emas.

Qonunosti idoraviy hujjati bo‘lgan Adliya vazirligining ichki yo‘riqnomasi faksimildan foydalanishga ruxsat beruvchi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning amalini bekor qilish yoki cheklash huquqiga ega emas.

Qonun o‘rniga yo‘riqnomani qo‘llash orqali notariuslar qonunlarning so‘zsiz ustuvorligini e’tirof etuvchi Konstitutsiyaning 15-moddasini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzmoqda.

Faksimilga qo‘yilgan o‘z taqiqini aylanib o‘tish uchun notarial yo‘riqnoma (8-bandi) ko‘zi ojiz insonlarga kamsituvchi yechimni taklif qilmoqda. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxs uchun hujjatni boshqa shaxs ("kafil") notarius ishtirokida videoyozuv ostida imzolashi kerak bo‘lyapti. Shu bilan birga, nima uchundir notariuslar ko‘zi ojiz insonlardan aynan Ko‘zi ojizlar jamiyatidan vakillarni olib kelishni qat’iy talab qilishyapti.

Bu talabda hech qanday mantiq yo‘q.

Birinchidan, Ko‘zi ojizlar jamiyati xodimlarining aksariyati — o‘zlari ham ko‘zi ojiz insonlar bo‘lsa, qanday qilib ular ko‘zi ko‘radigan kafil rolini bajara oladi? Agar kafil sifatida notarius huzuriga ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan vakil kelsa, uning huquqlari ham poymol qilinadimi?

Ikkinchidan, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning hammasi ham ushbu tashkilot a’zosi emas. Davlat xizmati insonning qandaydir nodavlat notijorat tashkilotiga (NNT) a’zo yoki a’zo emasligiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Bu ko‘zi ojiz insonning begona odamlarga sun’iy qaramligini yuzaga keltiradi.

Nima uchun notariuslar va ko‘zi ojiz fuqarolar o‘rtasidagi yagona vositachi O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati bo‘lishi kerak? Ko‘zi ojizlar jamiyatining bunday roli qaysi me’yoriy-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan? Va nima uchun ko‘zi ojiz insonning kafili faqatgina bitta aniq tashkilot vakili bo‘lishi mumkin? Axir ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxs yuridik yoki jismoniy shaxs bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zining ishonchli vakilini tanlash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Yoki notarial xizmatlarni olishda umuman hech qanday vositachilarsiz ish ko‘ra olishi lozim. Bu savollarning barchasi ochiqligicha qolmoqda…

Bundan tashqari, ma’lum bir tashkilotning kafil xizmatlarini majburan talab qilish orqali notariuslar O‘zbekiston Respublikasining "Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzmoqda. Ushbu qonunning 18-moddasi 3-qismida aniq belgilab qo‘yilgan: "Rasmiy hujjatlarda u yoki bu nodavlat notijorat tashkilotiga a’zolik yoki uning faoliyatidagi ishtirokning ko‘rsatilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqarolarning nodavlat notijorat tashkilotiga mansubligi yoki mansub emasligi ularning huquqlari va erkinliklarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi".

Demak, Ko‘zi ojizlar jamiyati vakilisiz xizmat ko‘rsatishni rad etish orqali notariat ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini noqonuniy ravishda cheklamoqda.

Abdulloning ushbu holat yuzasidan Prezident virtual qabulxonasiga qilgan murojaatiga Toshkent shahri Adliya boshqarmasi rasmiy javob xatini yubordi. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari J.Xudoyorov imzolagan xatda idora notariusning xatti-harakatlarini to‘liq oqlaydi.

O‘z javobida boshqarma Ma’muriy reglamentga (Vazirlar Mahkamasining 2020-yildagi 726-sonli qarori bilan tasdiqlangan) asoslanadi. Hujjatga ko‘ra, ko‘zi ojiz inson murojaat qilganda uning vakolatlari faqatgina O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan berilgan ishonchnoma va xizmat guvohnomasi bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan "tiflotarjimon" ishtirok etishi talab qilinadi. Javob xati notarius shunchaki reglamentni tushuntirgani, fuqaro esa buni "kamsitish deb noto‘g‘ri tushungani" haqidagi so‘zlar bilan yakunlanadi.

Ushbu javob oydinlik kiritish o‘rniga ko‘proq savollarni keltirib chiqaradi va tizimning hayratlanarli darajada malakasizligini ochib beradi.

Birinchidan, O‘zbekistonda rasman "tiflotarjimon" degan mutaxassislikning o‘zi yo‘q. Tiflosharhlovchilar (ko‘zi ojizlar uchun vizual tasvirlarni tasvirlab beruvchi mutaxassislar) mavjud. Ko‘zi ojiz fuqaro mavjud bo‘lmagan kasb egasini qayerdan topishi kerak?

Ikkinchidan, Ko‘zi ojizlar jamiyatida qandaydir "tiflotarjimonlar"ni o‘qitish, sertifikatlash yoki ularga guvohnomalar berish uchun hech qanday qonuniy vakolatlar, mexanizmlar yoki ta’lim bazalari yo‘q.

Uchinchidan, amaldorlar tayanayotgan reglamentning (726-sonli) o‘zi o‘ta qo‘pol mantiqiy xatolar bilan va nogironlik xususiyatlarini zarracha ham tushunmagan holda yozilgan.

**Skrinshot: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi qarorining 5-bobi.**

Hujjatda ko‘rsatilishicha, agar notarius qandaydir "ko‘zi ojiz fuqaro uchun mo‘ljallangan moslama" bilan ishlay olsa, "tiflotarjimon" kerak emas. Aynan qanday qurilma haqida so‘z borayotganiga aniqlik kiritilmagan. Bu brayl displeyimi? Ekranni o‘qish dasturimi (JAWS, NVDA)? Diktofonmi? "Notarius moslama bilan ishlay olsa" degan jumla boshidanoq bu me’yorni barbod qiladi. Mamlakatdagi birorta ham notarius maxsus tiflotexnik vositalar bilan ishlash bo‘yicha ta’lim olmagan.

Bundan tashqari, reglament bu afsonaviy qurilmani absurd ravishda "muloqot qilish" (kommunikatsiya) imkoniyati bilan bog‘laydi, vaholanki, ko‘zi ojiz insonlarda og‘zaki muloqot bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Bu huquqiy "qora tuynuk" notariusga qonuniy bahona beradi: hech kim bu qanday qurilma ekanini va u bilan qanday ishlashni bilmagani uchun notariuslar shunchaki barcha ko‘zi ojiz shaxslarni mavjud bo‘lmagan "tiflotarjimonlar"ni izlashga jo‘natib yuboradi.

Lekin ushbu javobdagi eng surbetlarcha jihat shundaki, ko‘zi ojiz inson vaziyatni kamsitish sifatida "noto‘g‘ri tushungani" aytilgan.

Mantiqiy savol tug‘iladi: o‘z huquqlarining poymol etilishini qanday qilib "to‘g‘ri" yoki "noto‘g‘ri" his qilish mumkin? Nima uchun Adliya boshqarmasi amaldori to‘siqqa duch kelgan nogironligi bo‘lgan shaxsning his-tuyg‘ulari o‘rinlimi yoki yo‘qmi, buni hal qilishni o‘z zimmasiga oladi?

Bunga javob manfaatlar to‘qnashuvida yashiringan.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va joriy qilingan kamsituvchi yo‘riqnomalar ustidan yozilgan shikoyatni aynan shu adliya idorasining xodimi ko‘rib chiqmoqda. Muammoni xolis tahlil qilish va inson huquqlarini himoya qilish o‘rniga, tizim shunchaki davlat organi sharafini va o‘zining ishlamaydigan reglamentlarini himoya qilishga o‘tib oldi.

Ushbu byurokratiyaning eng xavfli oqibati — fundamental fuqarolik va mulkiy huquqlarning o‘ta qo‘pol ravishda buzilishidir.

Tasavvur qiling, ko‘zi ojiz fuqaro o‘z uyini yoki jamg‘armalarini farzandlariga qoldirish uchun vasiyatnoma tuzmoqchi. Fuqarolik kodeksining 1127 va 1128-moddalariga muvofiq, har bir fuqaro "vasiyatnoma siri"ga nisbatan so‘zsiz huquqqa ega. Hech kim ma’lum bir vaqtgacha uning mazmuni haqida bilmasligi kerak.

Ammo notarial yo‘riqnoma bu huquqni ko‘zi ojizlardan tortib oladi. Inson shunchaki kelib, o‘zining faksimil-shtampini qo‘ya olmagani sababli tizim uni uchinchi shaxsni — uning o‘rniga imzo chekadigan begona odamni jalb qilishga majbur qiladi. Bu begona shaxs muqarrar ravishda vasiyatnomaning barcha tafsilotlari va sirlarini bilib oladi.

Qonun bilan kafolatlangan maxfiylik butunlay yo‘q qilinadi. Ko‘zi ojiz inson o‘z shaxsiy mol-mulkini erkin, mustaqil va yashirin ravishda tasarruf etish kabi tayanch huquqidan mahrum bo‘ladi.

Odatda notariuslar tomonidan faksimilga qo‘yilgan taqiq "xavfsizlik nuqtai nazari" va firibgarlikdan himoya qilish bilan oqlanadi. Ammo moliya sektoriga nazar tashlasangiz, bu vaj chilparchin bo‘ladi.

Banklar pullar, kreditlar va ulkan xatarlar bilan ishlaydi. Shunga qaramay, O‘zbekiston Markaziy banki bu muammoni ancha oldin hal qilgan. MBning rasmiy ko‘rsatmalariga ko‘ra (xususan, 3420-sonli qarorning 30-bandi), agar nogironligi bo‘lgan shaxs hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, banklar hisobraqamlarini ochish va hujjatlarni rasmiylashtirishda faksimil imzodan foydalanishga rasman ruxsat beradi.

Bundan tashqari, banklarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun navbatsiz xizmat ko‘rsatish joriy qilingan va shartnomalarni masofadan turib imzolash uchun sharoitlar yaratilgan.

Agar qat’iy va konservativ moliya tizimi moslasha olgan, faksimilni tan olgan va nogironligi bo‘lgan mijozlar uchun teng huquqlarni ta’minlay olgan bo‘lsa, nima uchun notariat kamsituvchi qoidalarga yopishib olishda davom etmoqda?

Ko‘zi ojiz insonlar teng huquqli, to‘liq muomalaga layoqatli fuqarolar hisoblanadi va o‘z xatti-harakatlari uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmalariga olishlari mumkin. Biroq notariuslarning xatti-harakatlari va ular uchun ishlab chiqilgan ichki qoidalar ko‘zi ojiz fuqarolarni muomalaga layoqatsiz qilib qo‘ymoqda. Vaholanki, insonni muomalaga layoqatsiz deb topish faqatgina sud tartibida amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekistonning ko‘zi ojiz fuqarolariga o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun yengillik berish yoki chetdan majburlab tiqishtirilgan "kafillar" kerak emas. Ularga shunchaki qonunga rioya etilishi kerak, xolos. O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini 2021-yilda ratifikatsiya qilgan va uning normalari ustuvorlikka ega hamda davlat organlari, jumladan, Adliya vazirligi va Notarial palata tomonidan bajarilishi majburiydir. Konvensiya nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitishni taqiqlaydi va tenglikni ta’minlash uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga "oqilona moslashtirish"ni taqdim etishni majburiy qilib belgilaydi.

Faksimil imzodan foydalanish ko‘zi ojiz inson xizmatlardan hammaga teng ravishda foydalana olishi uchun ayni o‘sha "oqilona moslashtirish"dir. Ushbu moslashtirishni rad etishni konvensiya nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish akti sifatida baholaydi.

Ushbu holatni tezroq bartaraf etish uchun O‘zbekiston Adliya vazirligi va Notarial palatasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga notarial xizmatlar ko‘rsatish me’yorlarini ularning manfaatlari va huquqlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqishlari zarur.

Asosiy tavsiyalarimiz quyidagi choralarni o‘z ichiga oladi:

* Notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 9-bandini, shuningdek, Ma’muriy reglamentning (Vazirlar Mahkamasining 18.11.2020-yildagi 726-son qarori bilan tasdiqlangan) 18-bandini kamsituvchi hamda "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunga va BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga zid deb topish.

* "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashini ta’minlagan holda, ko‘zi ojiz fuqarolarga har qanday notarial xizmatlarni olishda faksimil imzodan foydalanishga rasman ruxsat berish.

* Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarni vakillarni faqatgina Ko‘zi ojizlar jamiyatidan izlashga majburlashdek noqonuniy amaliyotni to‘xtatish. Ushbu talab "Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasini qo‘pol ravishda buzadi. Ko‘zi ojiz fuqarolarga notarius xizmatlarini olish uchun ishonchli vakillarni (jismoniy yoki har qanday yuridik shaxslarni) jalb qilish yoki jalb qilmaslik bo‘yicha so‘zsiz mustaqil tanlov huquqi taqdim etilishi lozim.

* Normativ-huquqiy hujjatlardan mavjud bo‘lmagan kasb mutaxassislarini ("tiflotarjimonlar"ni) jalb qilish haqidagi bajarib bo‘lmaydigan talablarni, shuningdek, noaniq "moslamalar"dan foydalanish to‘g‘risidagi mavhum me’yorlarni chiqarib tashlash. Hujjatlar texnik va terminologik jihatdan to‘g‘ri, nogironlikning turli shakllari xususiyatlarini tushungan holda hamda, birinchi navbatda, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari vakillarining bevosita ishtirokida yozilishi kerak.

* Notariat xodimlari uchun nogironlikning turli shakllariga ega bo‘lgan insonlar bilan muloqot etikasi va xizmat ko‘rsatish standartlari bo‘yicha muntazam treninglarni majburiy qilib belgilash.

* Reglamentlarni ishlab chiqish va o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga BMT konvensiyasining "Biz haqimizda bizsiz hech narsa" degan asosiy tamoyiliga rioya qilgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish zarur.

Fuqarolarni o‘z hayotini mustaqil boshqara oladiganlarga va buning uchun ruchkasi bor odamlardan yalinishga majbur bo‘lganlarga ajratishni to‘xtatish vaqti keldi. Inson qadr-qimmati huquqi barcha uchun teng bo‘lishi lozim.

Mualliflarning fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.

**Dilmurod Yusupov** — Tokio universiteti postdoktoranti, Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti falsafa doktori.

**Abdullo Abduxalilov** — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti "Ijtimoiy ish" kafedrasi professori v.b., sotsiologiya fanlari doktori, O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisining strategik rejalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari, inklyuziya va nogironlik sohasidagi xalqaro ekspert.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.