Markaziy Osiyodagi muzliklar yo‘qolib bormoqda — tadqiqot

Markaziy Osiyoda muzliklar qisqarib bormoqda — tadqiqot
Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) tadqiqotchilari Markaziy Osiyoda suv zaxiralari hamda muzliklar massasi kamayib borayotganini ma’lum qildi.
Olimlar so‘nggi besh yildagi ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, ularni 1991-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan solishtirdi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondagi suv omborlariga suv kirib kelishi sezilarli darajada kamaygan.
Markaziy Osiyo dunyoda daryo oqimi me’yordan past yoki sezilarli darajada past bo‘lgan hududlar qatoriga kirdi. Ayniqsa, asosiy daryo tizimlari — Amudaryo va Sirdaryoni o‘z ichiga olgan Orol dengizi havzasidagi vaziyat og‘ir.
Olimlarni muzliklarning holati, ayniqsa, tashvishga solmoqda. Markaziy Osiyodagi tog‘ muzliklari to‘planayotgan muzga nisbatan ko‘proq muz yo‘qotmoqda. Mintaqa kuzatuvlar tarixidagi eng ko‘p muz yo‘qotgan uchta hududdan biri hisoblanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda dunyo bo‘yicha muzliklarning umumiy yo‘qotilishi taxminan 1400 gigatonna suvni tashkil etgan. So‘nggi besh yilda tog‘ muzliklari dengiz sathidan yuqoridagi muz massasining 6,2 foizini yo‘qotdi. Vaholanki, Markaziy Osiyo daryolari havzasidagi oqimning yarmidan ko‘pi qor va muzlardan hosil bo‘ladi.
Avvalroq Qirg‘iziston 50 yil ichida o‘rmonlarining qariyb 90 foizini yo‘qotgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, daraxtzorlarning keskin qisqarishi sel, ko‘chki va suv resurslari muammosini kuchaytirgan.

