Sport

Maqsadim “Real Madrid”da oʻynash - Behruz Karimov

Oʻzbekiston milliy jamoasi himoyachisi, Shveysariyaning “Lugano” klubi aʼzosi Behruz Karimov Kun.uz muxbiriga qisqa intervyu berdi. U suhbatda yangi jamoasiga moslashuv jarayoni, mashhurlik, “Lugano” tanlovi va kelajakdagi maqsadlari haqida gapirib berdi.

Maqsadim “Real Madrid”da oʻynash - Behruz Karimov

Oʻzbekiston milliy jamoasi tarkibida mundialda yorqin oʻyin koʻrsatgan 19 yoshli himoyachi Behruz Karimov yozgi transferlar oynasida Shveysariyaning “Lugano” klubiga oʻtdi. U klub bilan 5 yillik shartnoma tuzdi. Karimov jamoaga qoʻshilishi bilanoq asosiy tarkibda maydonga tusha boshladi va shu paytgacha 4 ta oʻyinda ishtirok etdi. Joriy mavsum 7 ta uchrashuvning 6 tasida gʻalaba qozongan va 1 tasida durang qayd etgan “Lugano” Shveysariya chempionatida peshqadam boʻlib turibdi.

Futbolchi jamoaga juda tez moslashib ketganini aytdi.

“Kutganimdan ham tezroq moslashib ketdim. Murabbiy va jamoadoshlarim juda yaxshi kutib olishdi. Til bilan biroz muammo borligini bilishgach, menga yordam berishni boshlashdi. Tezroq muloqotga kirishib ketishim uchun hamma qoʻlidan kelganicha yordam beryapti. Hozir moslashish davridan oʻtdim”, - deydi Karimov.

Behruz nega aynan “Lugano”ni tanlagani haqida soʻzlab, asosiy maqsad Yevropa klubida oʻyin amaliyotiga ega boʻlish va rivojlanishda davom etish ekanini taʼkidladi.

“Biz tanlov qilishdan oldin barchasini yaxshilab oʻylab oldik. Yevropaga ketgandan soʻng, zaxira oʻrindigʻida oʻtirib qolishni istamadik. Shu bois, yoshlarga oʻyin amaliyoti beradigan “Lugano” varianti bizga maʼqul keldi. Ularning oʻyin uslubi ham bizga manzur keldi”, - deydi himoyachi.

Behruz Namangan viloyatida tugʻilgan. Bu hududdan Odil Ahmedov, Odil Hamrobekov, Umarali Rahmonaliyev kabi taniqli futbolchilar yetishib chiqqan. Mashhurlik haqida gap ketganda, futbolchi bu borada fikr bildirmasligini, butun eʼtiborini sportchilik faoliyatiga qaratganini aytdi.

“Har bir oʻyinda nimadir oʻrganishim va kelajakdagi orzularimga yetishish uchun harakat qilishim kerak”, - dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.