Sport

Behruz Karimov: “ ‘Lugano’ men uchun tramplin vazifasini o‘tab beradi”

Behruz Karimov: "Lugano men uchun tramplin bo'ladi"

O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov Shveysariyaning "Lugano" klubiga o'tganidan so'ng jamoa matbuot xizmatiga intervyu berdi. Unda futbolchi yangi jamoasiga moslashuvi, Jahon chempionatidagi tajribasi va kelajakdagi maqsadlari haqida so'z yuritdi.

"Lugano men uchun tramplin vazifasini o'tab beradi. Jamoada meni juda iliq kutib olishdi. Bu klubga qo'shilganimdan baxtiyorman va ushbu sarguzasht faoliyatimda muhim rol o'ynashiga ishonaman. Yevropa jamoalarida to'p surishni yoshligimdan orzu qilardim, shu bois hozir motivatsiyam juda yuqori", — dedi Karimov.

Uning so'zlariga ko'ra, Jahon chempionatidan so'ng ko'plab jamoalardan takliflar tushgan. "Ularning barchasini kuzatib, o'rganib chiqdik va yakunda aynan 'Lugano' varianti ko'proq ma'qul keldi. Shu sababli ushbu jamoani tanladim", — deya qo'shimcha qildi futbolchi.

Himoyachi O'zbekiston milliy terma jamoasi safidagi Jahon chempionati o'yinlari uning futbolchi sifatida o'sishiga qanday ta'sir qilgani haqida ham gapirdi: "Mundialdagi ishtirok men uchun ulkan tajriba maktabi bo'ldi. O'yin vaqtida iloji boricha darvoza sari zarba berishga, hech narsadan qo'rqmaslikka harakat qilaman. Agar hayajonni yengib, qo'rquvsiz o'ynasam, barcha imkoniyatlarimni ishga sola olaman."

"Asosiy maqsadim — o'zimiz ishtirok etadigan barcha musobaqalarda yuqori natijalarni qo'lga kiritish. Maydon tashqarisida esa xotirjamlikni xush ko'raman. Hozirgi kunda ingliz va italyan tillarini o'rganish bilan bandman", — dedi Karimov.

U "Lugano" muxlislaridan jamoani doim qo'llab-quvvatlashlarini so'rab, o'z so'zlarini yakunladi: "Biz esa chiroyli o'yinlarimiz bilan ularni xursand qilishga harakat qilamiz. Forza 'Lugano!' "

Ma'lumot uchun, 2007-yilda tug'ilgan va shu vaqtga qadar Termizning "Surxon" jamoasi sharafini himoya qilib kelgan Karimov yangi klubi bilan 5 yillik bitim imzoladi. Shartnoma muddati 2031-yilning 30-iyuniga qadar amal qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.