“Manchester Siti” “Liverpul” futbolchisi uchun 99 mln yevro taklif qilishga tayyor — Romano

“Manchester Siti” “Liverpul” futbolchisi Kodi Gakpo uchun 99 million yevro taklif qilishga tayyorlanmoqda, deya xabar berdi taniqli insayder Fabritsio Romano. “Shaharliklar” niderlandiyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish maqsadida uning vakillari bilan muzokaralarni boshlab yuborgan.
Romanoning ma’lumotlariga ko‘ra, Gakpoga “Tottenhem” ham qiziqish bildirgan, biroq futbolchining o‘zi “Manchester Siti” variantini afzal ko‘rmoqda. Endilikda “Siti” mersisaydliklarga 85 million funt (99 million yevro) miqdorida rasmiy taklif yuborishga tayyor.
“Liverpul” Gakponi sotishga qarshi emas, chunki klub “PSJ” vingeri Bredli Barkolyani 123 million funt evaziga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shuningdek, tarkibda Viktor Munyos va Rio Ngumoha kabi futbolchilar ham borligi sababli, Gakpo asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotishi mumkinligini tushunib turibdi.
Bu transfer “Liverpul”ga sezilarli daromad keltirishi kutilmoqda, chunki ular Gakponi 2023-yil yanvarida “PSJ”dan atigi 35 million funtga sotib olgan edi. Biroq, jamoa hujumchisi Ugo Ekitike og‘ir jarohati tufayli 2027-yilgacha safdan chiqqan, Aleksandr Isak ham eng yaxshi sport formasida emas. Hujum chizig‘idagi bunday muammolar fonida ko‘p qirrali o‘yinchini sotib yuborish mavsum davomida “Liverpul”ga qimmatga tushishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Kodi Gakponing “Liverpul” bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 60 million yevroga baholagan.

