“Tottenhem” 99 mln yevro evaziga “Manchester Siti” futbolchisini sotib oladi — Romano

“Tottenhem” “Manchester Siti”dan Savinyoni 99 million yevroga sotib oladi — Romano
Londonning “Tottenhem” futbol klubi “Manchester Siti” bilan braziliyalik futbolchi Savinyoning transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki klub shartnoma shartlarini to‘liq kelishib olgan. Endilikda 22 yoshli futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun London tomon yo‘l oladi.
Manbaning ta’kidlashicha, transfer narxi taxminan 99 million yevroni tashkil etadi. Barcha zaruriy rasmiyatchiliklar yakuniga yetgach, shartnoma rasman imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, “Tottenhem”ning “Siti”ning yana bir futbolchisi — Omar Marmush bo‘yicha muzokaralari ham davom etmoqda. “Shporlar” Savinyo transferini yakunlagach, Marmush borasidagi muzokaralarni faollashtiradi.
Qayd etish joizki, Savinyo o‘tgan mavsumda barcha musobaqalarda jami 36 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol urgan va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning “shaharliklar” bilan amaldagi shartnomasi 2031-yilgacha tuzilgan. Transfermarkt portali Savinyoning bozor qiymatini 35 million yevroga baholagan.

