«Man Siti» 114 ta moliyaviy qoidabuzarlikda aybdor deb topildi - OAV
Klubga nisbatan sanksiyalar hali belgilanmagan, «Manchester Siti» apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda.

«Man Siti» 114 ta moliyaviy qoidabuzarlikda aybdor deb topildi — OAV
«Manchester Siti» Angliya Premyer-ligasining (APL) moliyaviy qoidalarini buzganlikda aybdor deb topildi.
Nashrga anonimlik sharti bilan murojaat qilgan manbalarga ko‘ra (ular ommaviy bayonot berish vakolatiga ega emas edi), klub 115 ta ayblovdan 114 tasi bo‘yicha aybdor deb topilgan.
Qayd etilishicha, jazo choralari hali belgilanmagan — barcha variantlar ko‘rib chiqilmoqda, «Manchester Siti» esa apellyatsiya berishi kutilmoqda.
«Jarayon davom etmoqda, muhim bosqichlar yakunlanishi kerak, ishning borishi esa qatʼiy maxfiyligicha qolmoqda. Shu munosabat bilan «Manchester Siti»ning pozitsiyasi oʻzgarishsiz qolmoqda va klubning 2023-yil fevral oyidagi bayonotiga mos keladi. Klub sakkiz yil davomida APL rahbariyati va ijro organlari mustaqil, xolis va adolatli, noxolis taʼsirdan xoli regulyator sifatida faoliyat yuritishiga ishonib, belgilangan tartib-qoidalarga vijdonan rioya qildi», - dedi «Manchester Siti» vakili.
APL 2023-yil boshida 2018-yilda boshlangan tergov yakunlari bo‘yicha, klub 2008-yilda City Football Group tomonidan sotib olinganidan keyin yuzdan ortiq qoidabuzarliklarni aniqlaganini maʼlum qilgan edi. Liganing daʼvolari noaniq moliyaviy maʼlumotlarni taqdim etish, tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish, 2009–2013-yillarda jamoani Roberto Manchini boshqargan davrda murabbiylar maoshini to‘liq oshkor qilmaslik hamda 2013–2018-yillarda fair play qoidalari va moliyaviy barqarorlikka rioya qilmaslik bilan bog‘liq. «Manchester Siti» barcha ayblovlarni rad etib kelgan.
2024-yil avgust oyida New York Times «Manchester Siti» 70–80 ochkodan mahrum bo‘lishi mumkinligi, bu esa Premyer-Ligadan quyi ligaga tushib ketishni kafolatlashi haqida yozgan edi.

