Maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkaziladi
Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va

Maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
2026/2027 o‘quv yilida bolalarni maktabgacha ta’limga jalb etish darajasini oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash hamda bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga doir buyrug‘ida qayd etilgan.
Hujjatga binoan, respublikadagi 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan jami 3 million 422 ming 932 nafar boladan 2 million 670 ming 242 nafarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish maqsad qilingan. Bu orqali umumiy qamrov darajasi 78 foizga yetkaziladi.
Bunga erishish uchun 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar ro‘yxatga olinib, bog‘chalardagi bo‘sh guruhlar va o‘rinlarga jalb qilinadi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari yaqin hududlardagi mahallalarga biriktirilib, maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan bolalarni jalb etish choralarini ko‘radi.
Bundan tashqari, "Ilk rivojlanish markazlari" faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ularga bolalarni qamrab olish belgilangan. 2026-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan davlat bog‘chalarini sentyabr-dekabr oylarida foydalanishga topshirish ham nazarda tutilgan.

