Bog‘chalarda yangi o‘quv yilidan qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
2026-2027 o‘quv yilidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida «Ilk qadam» milliy o‘quv dasturining uchinchi nashri joriy etiladi, o‘yinga asoslangan ta’lim kengaytiriladi. Shuningdek, pedagoglarning sun’iy intellekt va raqamli resurslardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bog‘chalarda yangi o‘quv yilidan boshlab qator o‘zgarishlar kutilmoqda. Bu o‘zgarishlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026-2027 o‘quv yiliga puxta tayyorlash, ta’lim-tarbiya jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish hamda bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan asosiy vazifalar doirasida belgilandi.
Yangi o‘quv yilida ta’lim-tarbiya jarayoniga "Ilk qadam" milliy o‘quv dasturining uchinchi nashri joriy etiladi. Shuningdek, "Bola, o‘yin va pedagog" loyihasi asosida o‘yinga asoslangan ta’limni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Bolalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda "Quvnoq matematika" hamda "Bilag‘on bolajon" o‘quv-metodik majmualaridan samarali foydalanish ham ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Bundan tashqari, maktabgacha yoshdagi bolalarda ekologik madaniyat va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga e’tibor kuchaytiriladi. Bog‘chalarda bolalar uchun xavfsiz va ularning rivojlanishiga xizmat qiluvchi ta’lim muhitini yaratish ko‘zda tutilgan.
Yangi o‘quv yilida pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Xususan, tarbiyachi va pedagoglarning zamonaviy ta’lim texnologiyalari, sun’iy intellekt hamda raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Belgilangan chora-tadbirlar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni kengroq tatbiq etish va bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.

