Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
2026/2027 o‘quv yilida O‘zbekistonda 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish darajasini 99,3 foizga

Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ortiq 6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov guruhlariga jalb etiladi.
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2026/2027 o‘quv yiliga maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga doir buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha jami 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola ro‘yxatga olingan. Ularning 806 ming 290 nafari maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu qamrov darajasini 99,3 foizga yetkazishni nazarda tutadi.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ushbu guruhlarga jami 13 ming 104 nafar bolani jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan so‘ng ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.

