Makron Angela Merkelni sog‘inganini aytdi
Fransiya prezidenti Yevropa Ittifoqining amaldagi rahbarlari bilan muloqot qilish unga zerikarli tuyulayotganini ma’lum qildi.

Makron Angela Merkelni sog‘inganini aytdi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkelni sog‘inayotganini ma’lum qildi. U Yevropa Ittifoqining hozirgi rahbarlari bilan muloqot unga zerikarli tuyulayotganini aytib, Italiyaning sobiq bosh vaziri Mario Dragi bilan suhbatlarni ham juda qo‘msayotganini tan oldi.
Bu bayonotlar va jurnalistning Makron bilan shaxsiy yozishmalari 2024-yilda bo‘lib o‘tgan.
“Zerikyapman. Hamma narsa g‘amgin va ijodiy energiyadan xoli. Men Mario Dragi va Angela Merkelni juda sog‘inyapman”, degan u jurnalistga.
Fransiya rahbari ba’zan bularning barchasi unga og‘ir botayotganini, biroq tushkunlikka tushmayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
E’tiborlisi, 2024-yil noyabrida Merkel ham lavozimidan ketganidan keyin Makron bilan uchrashuvlarni sog‘inayotganini aytgandi. O‘shanda u fransuz yetakchisining madaniyati, zakovati va yechim topishga ijodiy yondashuvini yuqori baholagan.
Angela Merkel 2000-yildan 2018-yilgacha Xristian-demokratik ittifoqi raisi, 2005-yildan 2021-yilgacha Germaniya kansleri bo‘lib ishlagan.
Mario Dragi esa 2011-yildan 2019-yilgacha Yevropa markaziy banki prezidenti, 2021-yildan 2022-yilgacha Italiya bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Makron Fransiyadagi siyosiy vaziyat, 2024-yilgi muddatidan ilgari parlament saylovlari va “Milliy birlashuv” partiyasining kelajakdagi imkoniyatlariga ham to‘xtalgan. U raqiblarining chaqiriqlariga qaramay, iste’foga chiqmoqchi emasligini bildirgan.
Shu bilan birga, prezident 2027-yilda vakolat muddati tugaganidan keyingi rejalari haqida ham gapirgan. U Fransiyadan tashqarida o‘z biznesini boshlashni o‘ylayotganini, ammo hech kimga yollanib ishlamoqchi emasligini aytgan.
2026-yil sentyabr oyida esa Makron lavozimini tark etgach, yana prezidentlikka qaytish ehtimoli haqida ta’kidlagan.
“Keling, aniq gapiraylik: konstitutsiyamizga ko‘ra, fuqaro ketma-ket ikki muddatga saylanish huquqiga ega. Mening muddatim kelasi yilning may oyida tugaydi va Fransiya xalqi boshqa odamni saylaydi. Ammo men hech narsani istisno qilmayman. Qaytish — bu juda noodatiy holat, lekin buni vaqt ko‘rsatadi”, degan edi Makron o‘shanda Amerikaning Variety jurnaliga bergan intervyusida.
Fransiya prezidentining qo‘shimcha qilishicha, “hayot ijodkorlikka to‘la — ba’zan hatto kinodan ham ko‘proq”.

