Makron: Yevropa Rossiyaning nishoniga aylanishi mumkin
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyada 300 mingga yaqin kishi safarbar qilinishi mumkinligi haqidagi ssenariyni ishonarli deb baholadi. Uning aytishicha, safarbarlik ochiq eʼlon qilinishi yoki yashirin tarzda oʻtkazilishi mumkin. Makron, shuningdek, Yevropa boʻylab dushmanona harakatlar koʻpayganidan ogohlantirdi.

**Makron: Yevropa Rossiyaning nishoniga aylanishi mumkin**
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Moskva qariyb 300 ming kishini safarbar qilishi mumkinligi haqidagi ssenariyni ishonarli deb bilishini aytdi.
«Ular oʻz saylovlarini kutishdi. Saylovlar oʻtdi va bugun Rossiya bu ishni amalga oshirishi aniq», - dedi Makron. U 18–20-sentabr kunlari Rossiya Davlat dumasiga boʻlib oʻtgan saylovlarni nazarda tutgan.
Fransiya prezidenti, shuningdek, Moskva safarbarlikni ochiq eʼlon qiladimi yoki uni yashirin tarzda amalga oshiradimi — hozircha nomaʼlum ekanini qoʻshimcha qildi.
Makron Rossiya bunday qadamga tayyorgarlik koʻrayotganidan darak beruvchi bir nechta belgilar kuzatilganini aytdi. AQSH, Yevropa va Ukraina razvedkalarining maʼlumotlariga munosabat bildirar ekan, u: «Bu bizga ishonarli boʻlib koʻrinayotgan ssenariy», - deya taʼkidladi.
**Yevropada dushmanlik harakatlari koʻpaygan**
Makronning aytishicha, soʻnggi haftalarda Yevropa boʻylab dushmanona harakatlar soni oshgan. U oʻtgan hafta siyosiy kuchlar vakillarini yigʻib, ularni tahdid kuchaygani va buning Fransiya uchun oqibatlari haqida ogohlantirganini maʼlum qildi.
Fransiya prezidentining fikricha, Moskva yevropaliklar Kiyevga yordam berayotgani sababli Yevropani Ukrainaning strategik orqa hududi deb hisoblaydi. U Ukraina Rossiyani urushni toʻxtatishga majbur qilish maqsadida uning neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa obyektlariga zarbalar berayotganini ham qayd etdi.
«Shu sababli Yevropa nishonga aylanishi mumkin», - dedi Makron.
Uning taʼkidlashicha, hujumlar axborot maydonida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish orqali, shuningdek, kibermakonda ham amalga oshirilmoqda.
**Fransiya muhim infratuzilmani himoya qilish rejasini tayyorlamoqda**
Makron 18-sentabr kuni Rossiya tomonidan gibrid hujumlar xavfi ortib borayotgani fonida Fransiya oʻta muhim infratuzilmani himoya qilish rejasini ishlab chiqayotganini maʼlum qilgan edi.
Xabarda qayd etilishicha, avval Rossiya saylovlarga aralashish va migrantlardan Yevropaga bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanishda ayblangan boʻlsa, endi Yevropa maxsus xizmatlari diversiyalar, qasddan oʻt qoʻyish, muhim infratuzilmaga hujumlar va havo hududi buzilishi holatlarida ham Rossiyaning ehtimoliy ishtirokini tekshirmoqda.

