Germaniyada ilk bor ayol prezident saylanişi mumkin
Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakatning navbatdagi prezidenti lavozimiga ayol nomzodni ilgari suriş niyatida. Uning bu qarorini hukumatdagi koalitsiya hamkori - Sotsial-demokratik partiya ham qöllab-quvvatladi. Germaniya Federativ Respublikasining 77 yillik tarixida hali biror ayol prezident bölmagan.

Germaniyada ilk bor ayol prezident saylanishi mumkin
Kansler o‘zi rahbarlik qilayotgan partiyaga markazchi siyosiy kuchlar vakili bo‘lgan ayolni yagona nomzod sifatida taklif qilmoqchi.
«Bu aynan ayol bo‘lishi kerak, degan qat’iy qarorga keldim», - deya Mersning yig‘ilishdagi so‘zlarini keltirgan agentliklar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kansler uchrashuvda aniq bir shaxsning ismini aytmagan. U nomzodni Xristian-demokratik ittifoq prezidiumining 9-noyabrdagi yig‘ilishiga qadar taqdim etishi kutilmoqda.
Sotsial-demokratlar Mersning qarorini ma’qulladi
Hukmron koalitsiyada Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-sotsial ittifoq blokining hamkori bo‘lgan Germaniya sotsial-demokratik partiyasi Mersning qarorini ijobiy qabul qilgan.
Partiyaning Bundestagdagi fraksiyasi parlament ishlari bo‘yicha mas’uli Dirk Vize Rheinische Post gazetasiga bergan intervyusida kansler taklifini qiziqish bilan kutayotganini aytgan.
Vizening ta’kidlashicha, u bir necha oydan buyon davlatning eng yuqori lavozimini ayol egallashi tarafdori bo‘lib kelmoqda. U bunday qarorni qabul qilish vaqti allaqachon yetganini bildirgan.
«Fridrix Mers ham endi bu zaruratni tan olayotganidan xursandman», - degan siyosatchi.
Merkel ham ayol prezident saylanishi tarafdori
Avvalroq Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel ham amaldagi prezident Frank-Valter Shtaynmayerning o‘rnini ayol egallashi kerakligini aytgan edi.
«Germaniya Federativ Respublikasining 77 yillik tarixi bor, ammo hech qachon ayol federal prezident bo‘lmagan», - degan Merkel.
Uning fikricha, har kim o‘ziga buning vaqti kelmadimikan, degan savolni berishi kerak.
Ehtimoliy nomzodlar orasida to‘rt ayol siyosatchining nomi tilga olinmoqda
Xristian-sotsial ittifoq rahbari Markus Zyoder bir necha oydan buyon Ilze Aygner nomzodini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Aygner Bavariya parlamenti - landtag raisi lavozimida ishlaydi.

