Germaniyada kantsler Mertsning taqdirini hal qilishi mumkin boʻlgan saylovlar boʻlib oʻtmoqda
Kantsler kuchli siyosiy bosimga duch kelmoqda va agar uning partiyasi yakshanba kungi saylovlarda qiyinchilikka uchrasa, bu bosim yanada kuchayadi.

Germaniyada kantsler Mertsning taqdirini hal qilishi mumkin boʻlgan saylovlar boʻlib oʻtmoqda
Yakshanba kuni Germaniyaning ikkita federal yerida mahalliy saylovlar boʻlib oʻtmoqda va ular kantsler Fridrix Mertsga nisbatan siyosiy bosimni kuchaytirishi mumkin.
Berlin va Meklenburg-Oldingi Pomeraniyadagi jamoatchilik fikri soʻrovlari Mertsning Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) jiddiy magʻlubiyatga uchrash xavfi ostida ekanini koʻrsatmoqda, bu esa kantslerning kelajagi borasida yangi savollarni keltirib chiqaradi.
Ushbu saylovlar bundan ikki hafta oldin Saksoniya-Anhaltda oʻta oʻngchi «Germaniya uchun muqobil» (Gum) partiyasi yirik gʻalabaga erishib, XDI oʻz ovozlarining yarmini yoʻqotganidan keyin boʻlib oʻtmoqda.
Germaniyada agar XDIning mavqei yaxshilanmasa, Merts muddatidan oldin kantsler lavozimidan ketishi mumkinligi haqida taxminlar paydo boʻldi.
Soʻrovnomalarga koʻra, Mertsning konservatorlari Berlinda birinchi oʻrin uchun «Chapchilar» (Die Linke) partiyasi bilan kurashayotgan bir paytda nazoratni boy berishi mumkin.
Shu bilan birga, mamlakat shimoli-sharqidagi Meklenburg-Oldingi Pomeraniya federal yerida XDI yer parlamentiga kirish uchun zarur boʻlgan 5 foizlik toʻsiqdan zoʻrgʻa oʻtib turibdi. Bu partiyaning ushbu yerdagi saylovlar tarixidagi eng yomon natijasi boʻlishi mumkin.
Lavozimga kelganidan atigi 16 oy oʻtgach, vaziyat qanday qilib bu darajaga yetdi? Fridrix Merts oʻz partiyasining mashhurligi pasayib borayotgani, u qarshi chiqmoqchi boʻlgan siyosiy kuch — GuM esa oʻsishda davom etayotgani uchun javob berishiga toʻgʻri kelmoqda.
GuMning ayrim boʻlimlari ichki razvedka tomonidan oʻng ekstremistik deb tasniflangan, partiya bu tamgʻani qatʼiyan rad etadi.
Biroq uning immigratsiyaga qarshi, Rossiyaparast va «birinchi navbatda Germaniya» shiori ostidagi dasturi mamlakatning sobiq kommunistik sharqida qulay zamin topdi.
GuM Saksoniya-Anhaltdagi yaqinda erishgan yirik gʻalabasini Meklenburg-Oldingi Pomeraniyada birinchi oʻrinni egallash orqali mustahkamlashga umid qilmoqda.
Shunday boʻlsa-da, markazchi-chapchi SDP (Germaniya sotsial-demokratik partiyasi) soʻnggi paytda oʻz mavqeini tiklab oldi va hozirda oʻzining yetakchi nomzodi Manuela Shvezig orqali birinchi oʻrin uchun kurashmoqda.
Hozirda federal yer bosh vaziri boʻlgan Shvezig oʻzini «Die Frau gegen Blau» — «Koʻk rangga qarshi ayol» (GuM partiyasining ranglariga ishora qilib) sifatida taqdim etib, GuMga qarshi ovozlarni toʻplashga harakat qilmoqda.
Biroq uning mahalliy darajadagi mashhurligi Mertsning XDI partiyasi bilan notinch koalitsiyada boʻlgan milliy partiyasining ancha zaif mavqeidan keskin farq qiladi.
Noybrandenburgdagi saylovoldi tadbirida navbatda turgan GuM tarafdori Raynhart anʼanaviy partiyalar siqib chiqarilayotganini aytadi.
«Nafaqat Germaniyada. Italiyada, Frantsiyada, Buyuk Britaniyada. Hamma joyda anʼanaviy partiyalar inqirozga yuz tutmoqda».
Undan Merts haqida nima deb oʻylashini soʻrashganda, u tabassum bilan shunday deydi: «Eh, u haqida hamma bir xil fikrda.
U takabbur, xalqdan uzilib qolgan, oddiy odamlar bilan bir darajada emas».
Mertsning tarafdorlari esa kantsler qiyin global oʻzgarishlarga duch kelganini va mamlakatdagi koʻplab muammolar unga oʻtmishdan meros boʻlib qolganini aytishadi.
Ammo odamlarning uning ushbu muammolarni hal qilish qobiliyatiga boʻlgan ishonchi soʻnib borayotgandek koʻrinadi — va ochigʻini aytganda, uni yoqtiradigan saylovchilarni topish qiyin boʻlishi mumkin.
Sobiq korporativ advokatning immigratsiya kabi masalalarda oʻngga ogʻishi GuMni zaiflashtira olmadi, shu bilan birga chap qanotdagi odamlarni ham undan uzoqlashtirdi.
Uning toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot uslubi ham koʻpchilikning gʻashini keltirdi, jumladan, u nemislarga koʻproq ishlash va kamroq kasallik taʼtiliga chiqish kerakligini aytib, «ish va hayot muvozanati» (work-life balance) tushunchasini rad etdi.
Tarafdorlari esa u odamlarga taʼmi yoqmasa ham, mamlakatga kerakli boʻlgan «dorini» berishga tayyor, deyishadi.
Biroq mamlakatning uzoq vaqtdan beri qiynalayotgan iqtisodiyoti, yuqori energiya xarajatlari va immigratsiya boʻyicha qizgʻin bahslar milliy tushkunlik kayfiyatini kuchaytirmoqda.
Shu hafta boshida Germaniyaning sakkizta federal yeri rahbarlari Mertsni qoʻllab-quvvatladilar va XDIga boʻlgan ishonchni tiklash «kadrlar boʻyicha bahslarda emas, balki tinglash va siyosiy choralar koʻrishda» ekanini taʼkidladilar.
Shunday boʻlsa-da, uning partiyasida hech kim Mertsga yuqori lavozim uchun ochiqchasiga qarshi chiqmagan boʻlsa-da, norozilik shivir-shivirlari tobora kuchayib bormoqda.
XDIning Noybrandenburgdan nomzodi Martin Roloffning aytishicha, Mertsda «Fingerspitzengefühl — oddiy odamlarni his qilish qobiliyati» yetishmaydi.
Roloffning fikricha, kantslerga qaraganda xalqni «yaxshiroq his qiladigan» odamlar bor.
«Balki u toʻgʻri narsalarni xohlayotgandir, — deydi Roloff, — lekin u yaxshi muloqot qila olmaydi».
Merts lavozimidan ketishi kerakmi, degan savolga u bu oson savol emasligini aytadi, lekin: «Agar ha yoki yoʻq deb javob berishim kerak boʻlsa, men ha derdim. Xalqni yaxshiroq his qiladigan boshqa odamlar bor», deb qoʻshimcha qiladi.
Merts oʻz koalitsion hukumati shu kuzda parlamentga taqdim etilishi kutilayotgan iqtisodiy, soliq va ijtimoiy islohotlar paketini qabul qilishga intilayotgan bir paytda faoliyatini davom ettirishga vaʼda berdi.
Biroq yakshanba kungi ovoz berish kantsler uchun xavf tugʻdirmoqda — uning vaqti allaqachon tugab borayotgan boʻlishi mumkin.
Xabarlarga koʻra, kantsler inqirozni jilovlash maqsadida kelasi haftaga rejalashtirilgan Nyu-York safarini bekor qilib, yakshanba kuni kechqurun Berlinda partiyaning yuqori martabali vakillari bilan uchrashishi kerak.
Ukrainaning qatʼiy tarafdori boʻlgan Fridrix Mertsning hokimiyatdan ketishi Rossiya tajovuzining kuchayishi haqidagi ogohlantirishlardan allaqachon larzaga kelgan qitʼaga yanada koʻproq beqarorlik olib kelishi mumkin.

