Mahalliy

Mahkumlarni boshqa muassasaga koʻchirish tartibi oʻzgardi

Oʻzbekistonda mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga joʻnatish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga koʻchirish tartibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Yangi tartibda mahkumlarni koʻchirish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqish mexanizmi aniqlashtirilib, masofaviy video-uchrashuvlarga oid norma ham kiritildi.

Mahkumlarni bir muassasadan boshqasiga oʻtkazish tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi.

Ichki ishlar vazirining "Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga joʻnatish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga koʻchirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida"gi buyrugʻi qabul qilindi.

Ushbu hujjat 2026-yil 26-avgustda 2608-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, 27-avgustdan kuchga kirdi.

Yangi tartibga koʻra, nizomda belgilangan ayrim holatlarda mahkumni boshqa muassasaga koʻchirish uchun asos boʻlgan hujjatlar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan koʻrib chiqiladi.

Hujjatlarni koʻrib chiqish natijasida departamentning tegishli xizmati xulosa tuzadi. Bu xulosa Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi, u boʻlmagan taqdirda esa uning birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, mahkumni bir muassasadan boshqa shu turdagi muassasaga koʻchirish Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi yoki uning birinchi oʻrinbosari tasdiqlagan xulosa yoxud sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Bunda koʻchirish Jazoni ijro etish departamenti Maxsus hisob boshqarmasi tomonidan tayyorlangan taqsimotga muvofiq bajariladi.

Nizomga masofaviy video-uchrashuvlarga oid qoʻshimcha ham kiritildi. Bu oʻzgarish 2026-yil yanvarda Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan mahkumlar uchun masofaviy video-uchrashuvlar oʻtkazish imkoniyatini yaratish maqsadida kiritilgan qonunchilik oʻzgarishlariga muvofiq amalga oshirildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.