Mahalliy

Navoiyda mahkum boshqa bir mahkumni ozodlikka chiqarish evaziga 15 ming dollar olmoqchi bo‘ldi

Navoiyda mahkum boshqa bir mahkumni ozodlikka chiqarish uchun 15 ming dollar talab qilganida qo‘lga olindi. Bu haqda “Sevimli” telekanali xabar berdi.

Navoiy viloyatidagi 4-son jazoni ijro etish koloniyasida bir mahkum o‘z sherigini muddatidan oldin ozodlikka chiqarish evaziga pul undirmoqchi bo‘lgan. Gumonlanuvchi o‘zi bilan birga jazoni o‘tayotgan mahkumning ishonchiga kirib, uning ukasi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali uni ozodlikka chiqarib berishini va’da qilgan. Bu noqonuniy xizmat uchun u 15 ming dollar so‘ragan va shundan 10 ming dollarini oldindan to‘lashni talab qilgan.

Kelishilgan pulni olayotgan vaqtda mahkumning tashqaridagi tanishi prokuratura va ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoiy ish ochilgan.

Telekanal lavhasida aytilishicha, "bu harakatda jinoiy guruh tashkil qilingan bo‘lib, unga ozodlikda yurgan, hozirda Toshkent shahrida o‘qiyotgan talaba ham qo‘shilgan. U asosan muassasadan jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar pullarini yig‘ib, kerakli joylarga yetkazish vazifasi bilan shug‘ullangani uchun qo‘lga olindi. Hozirgi kunda tergov harakatlari amalga oshirilmoqda".

Bugungi kunda O‘zbekistondagi 49 ta jazoni ijro etish muassasalarida jami 47 432 nafar mahkum jazo muddatini o‘tamoqda. Xususan, yopiq turdagi koloniyalarda 26 ming, manzil-koloniyalarida esa 11 ming nafardan ortiq mahkum bor. Taqqoslash uchun, 2022-yilda mamlakatda 54 ta jazoni ijro etish muassasasi mavjud bo‘lib, ularda 29 mingdan ortiq mahkum saqlangani bildirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.