Qamoqxonalarda advokatlarning himoyasidagi shaxs bilan uchrashuv davomiyligini cheklash taqiqlandi
Qamoqxonalarda advokatlarning o‘z himoyasidagi shaxslar bilan uchrashuvlarini elektron navbat asosida tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yildi: jarayon to‘liq raqamlashtirilmoqda. Yangi tartib 17-avgustdan kuchga kiradi.

Qamoqxonalarda advokatlarning himoyasidagi shaxs bilan uchrashuv vaqtini cheklash taqiqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Jazoni ijro etish departamenti ma’lum qildi.
Departament xabariga ko‘ra, advokatlarning uzoq navbatlarda sarson bo‘lishiga rasman chek qo‘yilmoqda. 14-avgust kuni IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Azizxon Umarxonov va Advokatlar palatasi raisi Shuhrat Sodiqov tomonidan qo‘shma qaror imzolangan bo‘lib, ushbu hujjat bilan vaqtinchalik nizom ham tasdiqlangan.
Yangi tartib 2026-yil 17-avgustdan boshlab to‘liq kuchga kiradi. Unga ko‘ra, advokatlarga avtomatik tarzda QR-kodli maxsus elektron ruxsatnoma rasmiylashtirib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu Advokatlar palatasining E-advokat.uz va Jazoni ijro etish departamentining markazlashgan Qal’a axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali amalga oshiriladi.
Uchrashuvlarning 3 xil yangi shakli tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, qamoqxona xodimlari va advokatlarning majburiyatlari ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, muassasa ma’muriyati tomonidan advokatning uchrashuv davomiyligini cheklash qat’iyan taqiqlandi. Tizimdagi bo‘sh xonalarni asossiz yashirgan xodimlar intizomiy javobgarlikka tortiladi. Qolaversa, advokatning faoliyatiga to‘sqinlik qilgan yoki qo‘pol muomalada bo‘lgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, advokatning uchrashuv xonasiga taqiqlangan buyum olib kirishi, xat-xabar olib chiqishi yoki telefon so‘zlashuvi tashkil etishi ichki tartibni qo‘pol buzish hisoblanib, bunday hollarda uchrashuv darhol to‘xtatiladi.

