Lula da Silva 4-marta Braziliya prezidenti etib saylandi
Braziliyaning amaldagi prezidenti, 81 yoshli Lula da Silva saylovning ikkinchi turida g‘alaba qozonib, to‘rtinchi prezidentlik muddatiga qayta saylandi. Uning raqibi — sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li Flaviu Bolsonaru mag‘lubiyatni tan olmadi va saylov natijalarini bekor qilishni talab etdi.

Lula da Silva Braziliya prezidenti etib 4-marta saylandi
Luis Inasiu Lula da Silva Braziliyadagi prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi, deb xabar berdi mamlakat Oliy saylov sudi.
81 yoshli Lula da Silva uchun bu to‘rtinchi prezidentlik muddati bo‘ladi.
Ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, u 51,79 foiz ovoz oldi. Uning raqibi, sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li senator Flaviu Bolsonaru esa 48,21 foiz ovozga ega bo‘ldi.
Lula da Silva uchun 64,2 million, Bolsonaru uchun esa 59,8 million saylovchi ovoz berdi. Nomzodlar orasidagi tafovut qariyb 4,5 million ovozni tashkil etdi.
Ovozlar sanab bo‘lingach, Bolsonaru mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortdi va Braziliya Oliy sudining ovoz berish vaqtini ikki soatga uzaytirish haqidagi qarori sabab saylov natijalarini bekor qilishni talab qildi.
Braziliyada saylovning birinchi bosqichi 2026-yil 4-oktabrda o‘tkazilgandi. Uning natijalariga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlarning hech biri 50 foizdan ortiq ovoz ololmagan. Shu bilan birga, Bolsonaru qariyb 47 foiz ovoz to‘plab, Luladan ikki foizlik bandga oldinga chiqqandi. Bu Braziliya tarixida birinchi turda yutqazgan nomzodning ikkinchi turda g‘alaba qozonishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi.
Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru hozir 27 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. 2025-yil sentabrida Oliy sud uni beshta jinoyatda, jumladan, 2022-yilgi saylovdagi mag‘lubiyatdan keyin davlat to‘ntarishini uyushtirish va demokratik tuzumni zo‘ravonlik bilan ag‘darishga urinishda aybdor deb topgan. Bolsonaru o‘z aybini tan olmagan.
Lula da Silva so‘l markazchi va sotsial-demokratik deb qaraladigan Mehnatkashlar partiyasidan vakillik qiladi. U Braziliya prezidenti etib avval ham uch marta — 2002, 2006 va 2022-yillarda saylangandi.
Lula da Silva uchinchi muddatini boshlaganida, bu uning oxirgisi bo‘lishiga qasam ichgandi, deb ta’kidlanadi.
Hatto uning partiyasi tarafdorlari ham dastlabki ikki muddatda — 2003-yil yanvaridan 2010-yil dekabrigacha bo‘lgan davrda ancha ko‘proq natijalarga erishilganini tan oladi.
U Bolsa Família nomli to‘g‘ridan to‘g‘ri naqd pul yordami dasturi orqali millionlab odamlarni qashshoqlikdan olib chiqqani uchun keng e’tirof etilgan va 2011-yil 1-yanvarda lavozimini tark etayotganda rekord darajadagi — 80 foizdan yuqori qo‘llab-quvvatlovga ega edi.
Biroq keyingi yillarda uning siyosiy faoliyati jiddiy sinovlarga duch keldi: u korrupsiyada ayblanib, 18 oydan ortiq vaqtga qamoqqa tashlandi, 2019-yil noyabrida esa ozodlikka chiqdi.
2021-yilda bu ayblovlar bekor qilindi va bu Lulaga 2022-yilgi saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘yish imkonini berdi; u ushbu saylovda Jair Bolsonaru ustidan g‘alaba qozondi.
U so‘l qanot siyosatida hanuz ta’sirli shaxs bo‘lib qolmoqda, biroq tarafdorlari 2022-yilgi saylov oldidan uni tropik o‘rmonlarni asrashga sodiqligi uchun maqtab, “Amazonkaning xaloskori” deb atagan bo‘lsa-da, ayrim ekologlar uning so‘nggi paytlardagi ba’zi harakatlarini tanqid qilmoqda.
Xususan, uning Amazonka daryosi quyilish joyi yaqinidagi ochiq dengiz suvlarida neft qidiruv burg‘ilash ishlarini qo‘llab-quvvatlashi keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgan.
Lula esa qazilma yoqilg‘ilardan bosqichma-bosqich butunlay voz kechish niyatiga sodiqligini ta’kidlab, neftdan tushadigan daromadlar Braziliyaning toza energiyaga o‘tishini moliyalashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytmoqda.

