Bolsonaruning oʻgʻli Luladan oʻzib ketdi: Braziliyada prezidentlik poygasi qizidi
Braziliyada prezidentlik saylovining birinchi turida sobiq prezident Jair Bolsonaruning katta oʻgʻli Flaviu Bolsonaru 47,03 foiz ovoz bilan oldinga chiqdi. Amaldagi prezident Luis Inasiu Lula da Silva 45,16 foiz ovoz oldi. Nomzodlarning hech biri gʻalaba uchun zarur chegaradan oʻtolmagani sababli, 25-oktabrda ikkinchi tur oʻtkaziladi.

Bolsonaruning oʻgʻli Luladan oʻzib ketdi: Braziliyada prezidentlik uchun kurash avj oldi
Natijalarga koʻra, Rio-de-Janeyro shtatidan senator Flaviu Bolsonaru amaldagi davlat rahbarini 1,87 foiz punktga ortda qoldirgan.
Saylovda qatnashish darajasi 78,92 foizni tashkil etdi. Birinchi turda hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz olmagani sabab prezidentlik masalasi takroriy ovoz berishda hal qilinadi.
Bu safargi bellashuv Bolsonarular oilasining hokimiyatga qaytish urinishlari sifatida ham baholanmoqda. 2022-yilgi prezidentlik saylovining ikkinchi turida Lula da Silva Flaviuning otasi — oʻsha paytdagi prezident Jair Bolsonaruni magʻlub etgan edi.
Jair Bolsonaru oʻsha paytda ovoz berish natijalarini tan olmagan, uning tarafdorlari esa norozilik namoyishlariga chiqqan. Keyinchalik sobiq prezident davlat toʻntarishiga urinish ishi boʻyicha uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan.
Bolsonarular oilasining yana bir vakili — Eduardu Bolsonaru ham sud hukmiga duch kelgan. Manbaga koʻra, Braziliya Oliy sudi 2026-yil iyunida uni toʻrt yil-u ikki oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Bunga uning otasiga chiqarilgan hukm sabab AQShni Braziliyaga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirgani asos boʻlgan. AQShda yashayotgan Eduarduga nisbatan ish sirtdan koʻrib chiqilgan.
Prezidentlik uchun kurashayotgan 45 yoshli Flaviu Bolsonaru saylovoldi kampaniyasida jinoyatchilikka qarshi kurashishni asosiy vaʼdalaridan biri sifatida ilgari surgan. Biroq uning oʻzi ham avval korrupsiya va mablagʻlarni noqonuniy oʻzlashtirishga oid gumonlar bilan bogʻliq ishlar markazida boʻlgan.
Xususan, 2019-yilda siyosatchiga nisbatan amalda ishlamagan, ammo xodimlar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar uchun toʻlovlar olish hamda bank hisobvaragʻiga shubhali pul oʻtkazmalari yuzasidan ishlar ochilgan.
Nashr Flaviuning nomi Banco Master banki atrofidagi mojaroda ham tilga olinayotganini qayd etgan. Bank va uning yirik aksiyadori Daniel Vorkaru bajarib boʻlmaydigan yuqori daromad vaʼdalari orqali davlat va xususiy fondlardan oʻnlab million dollar investitsiya jalb qilishda gumon qilinmoqda. Tergov ehtimoliy moliyaviy piramidaga oid holatlarni oʻrganmoqda.
Vorkaru Jair Bolsonaru haqidagi «Qora ot» biografik filmining prodyuserlaridan biri sifatida ham tanilgan. OAVda uning Flaviu Bolsonaru bilan yozishmalari eʼlon qilingan. Nashr talqinicha, bu yozishmalar siyosatchining ehtimoliy sxema haqida xabardor boʻlgani va unga koʻmaklashgani haqida savollar tugʻdiradi. Biroq keltirilgan maʼlumotlar Flaviuning mazkur ish boʻyicha aybi sudda isbotlanganini anglatmaydi.

