Layfstayl

Loyda çömilayotgan fil surati fototanlovda ğolib böldi

Loy vannasidan zavqlanayotgan Afrika filining surati BIAZA 2026 fototanlovining «Sutemizuvçilar» yönalişida ğolib böldi. 800 dan ortiq iş taqdim etilgan tanlovda ayozli tongdagi ğayrioddiy quş, sirli nigohli baliq va aktiniya paypaslagiçlari orasiga yaşiringan mitti krab aks etgan kadrlar ham eʼtirof etildi.

Loy ichida cho‘milayotgan fil surati fototanlovda g‘olib bo‘ldi

Tabiat suratlari biz bilan bir sayyorada yashaydigan jonzotlarga sinchiklab nazar tashlashga chorlaydi. Kundalik hayotda ko‘zga tashlanmaydigan mayda tafsilotlar, hayvonlarning qiziqarli xatti-harakatlari va kutilmagan holatlar fotograflar obyektivi orqali butunlay boshqacha ko‘rinadi.

BIAZA Photo Competition 2026 tanlovi ham ana shunday lahzalarni bir joyga jamladi. Unga Buyuk Britaniya va Irlandiyadagi hayvonot bog‘lari, akvariumlar hamda tabiiy yashash muhitida olingan suratlar taqdim etildi. Ular orasida hayvonlarning ta’sirchan portretlari, hayotidagi kulgili sahnalar va yaqindan qaralgandagina ko‘zga tashlanadigan g‘ayrioddiy jihatlar bor.

Tanlovni Britaniya va Irlandiya hayvonot bog‘lari hamda akvariumlari assotsiatsiyasi — BIAZA tashkil etdi. Hakamlar 800 dan ortiq ishni ko‘rib chiqib, yetti yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqladi. Saralangan kadrlarda sutemizuvchilar va qushlardan tortib, sudralib yuruvchilar, baliqlar hamda mitti umurtqasizlargacha aks etgan.

Ayozli tongdagi g‘ayrioddiy qush

Fotograf ushbu kadrni yanvar oyi boshida, tong otayotgan paytda suratga olgan. Tasvir Norfolk grafligidagi Uatatunga qo‘riqxonasida olingan bo‘lib, muallif kerakli lahzani ushlash uchun ancha harakat qilgan.

Grifsimon sesarkalar g‘ayrioddiy tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Ayozli tongda olingan bu surat qushning o‘ziga xos qiyofasini namoyon etib, tanlovning eng sara ishlaridan biriga aylandi.

Loy vannasidan zavqlanayotgan fil

Yomg‘irli kunlarning birida fotograf Tomas Xarris Opal laqabli urg‘ochi filni loy vannasidan zavqlanayotgan paytida suratga oldi. Filning ana shu holati aks etgan kadr muallifga o‘z yo‘nalishida g‘oliblik keltirdi.

Kolchester zoologiya jamiyati qaramog‘ida to‘rtta Afrika fili bor. Tashkilot ularni parvarishlash bilan birga, tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarda ham ishtirok etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.