Tabiat ikki do‘stidan ayrildi...
Ular odamlarga yangicha nigoh, boshqacha mehr orqali tabiat bilan do‘stlashishni o‘rgatdi

Tabiat ikki do‘stidan ayrildi...
Bolaligimda qarg‘alarga hech qanday e’tibor bermasdim. Ular men uchun shunchaki qag‘illab uchib yuradigan, qiziqarsiz, oddiy qora qushlar edi. Ularning ham o‘z dunyosi, odatlari va hatto fe’l-atvori borligi xayolimga ham kelmagan.
**Bu qushga qachon mehrim tushdi?**
Taxminan uch yil avval internetda Gosha ismli qarg‘a bilan tanishdim. Uning egasi Aleksandr Chugaynov Goshaning odatlari, xatti-harakatlari va odamlar bilan munosabatini videolarda ko‘rsatar edi. Men esa kundan-kunga Goshaga bog‘lanib bordim va o‘zim bilmagan bir haqiqatni kashf qildim: qarg‘a shunchaki qag‘illaydigan qora qush emas ekan...
Aleksandr Goshani 2020-yilda o‘rmondan topib oladi. U juda kichik va yordamga muhtoj qarg‘a bolasini uyiga olib kelib parvarish qiladi, keyin esa Goshaning o‘sishi va fe’l-atvorini kameraga ola boshlaydi. Videolar tezda tarqalib ketdi va Gosha millionlab odamlarning eng qadrli jonivoriga aylandi.
Bir hafta oldin ijtimoiy tarmoqlarda uning vafoti haqidagi xabarni o‘qiganimda, nafaqat men, balki uning yuzlab obunachilari ham qayg‘urdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda biror blogerning vafoti haqida xabar tarqalsa, uni hayotligida kuzatmaganlar ham sahifasiga kiradi. "O‘zi kim ekan? Nima qilardi? Odamlarga qanday foydasi tekkan?" deb qiziqadi. Ba’zida sahifani aylantirib, hech narsa topolmay chiqib ketasiz. Mashhurlik bor, ko‘rishlar soni million-million, auditoriya bor. Ammo u auditoriyasiga nima bergan degan savolga javob topolmaysiz.
Lekin shunday insonlar borki, ularning qadri aynan ketganidan keyin yanada bilinadi. Ularni odamlar shunchaki "yaxshi bloger edi" deb emas, balki nimadir qoldirib ketgani uchun eslaydi. Aleksandr Chugaynov ana shunday insonlardan edi. U odamlarga qarg‘ani tamoman boshqacha rakursda ko‘rsata oldi. U qarg‘a haqida kitob yozmadi, hech qayerda ma’ruza qilmadi, balki qush bilan samimiy do‘stligini ko‘rsatdi.
Bu yil rostdan ham tabiat uchun, uni sevganlar uchun juda og‘ir keldi. Iyul va avgust oylarida tabiat o‘zini odamlarga anglashga undagan ikki do‘stidan ayrildi.
Aleksandrdan oldinroq, iyul oyida germaniyalik 45 yoshli zoolog Lidiya Myoklingxoff hayotdan ko‘z yumdi. U Braziliyadagi Pantanal botqoqliklarida maydon tadqiqotlarini olib borayotganda, Kampo-Grande yaqinida samolyot halokatiga uchradi. Lidiyaning tun-kun mehr bergan dunyosi katta chumolixo‘rlar bilan bog‘liq edi.
Katta chumolixo‘rni birinchi ko‘rgan odam uning qanday jonzot ekanini bir qarashda anglolmasligi mumkin. Uzun, trubkasimon tumshug‘i, mayda ko‘zlari, uzun tili va baquvvat tirnoqlari bilan u ko‘pchiligimiz uchun shunchaki g‘alati va kulgili ekzotik hayvon bo‘lib qolishi mumkin edi. Agar Lidiyadek bloger bo‘lmaganida...
Lidiya 2009-yildan beri har yili Braziliyaga borib, bu kam o‘rganilgan jonzotlarni tadqiq qildi. Ilmiy ishlaridan tashqari, o‘zining podkastlari hamda radiodagi chiqishlari orqali chumolixo‘rni butun dunyoga tanitdi. Ayniqsa, radioeshittirishlari orqali bolalarga tabiatni shunchaki "chiroyli rasm" sifatida emas, balki mehnat, qidiruv va haqiqiy jonli hayot sifatida tushuntirdi. Lidiya chumolixo‘rga insonning mehrini va e’tiborini olib keldi.
Ularning sahifalari orqali odamlar qoldirayotgan izohlarni o‘qir ekansiz, shu asnoda juda katta haqiqatni anglaysiz. U yerda shunchaki sovuq ta’ziyanomalar emas, samimiy qalb og‘riqlari va minnatdorlik yozilgan: "Men Aleksandr orqali qarg‘alarni yaxshi ko‘rib qolgandim...", "Men Lidiya orqali chumolixo‘r degan jonzotga mehr qo‘ygandim...", "Nahotki shunday odamlar o‘tib ketsa? Axir ular shunchalar foydali, jonli va kerakli kontent olayotgan edi-ku!"
**Nega ular uchun odamlar qattiq qayg‘urishmoqda?**
Chunki bu ikki insonning blogida aytadigan so‘zi, yo‘nalishi bor haqiqiy bloger edi. Ular odamlarning vaqtini o‘g‘irlab bo‘lar-bo‘lmas video kontent yaratmadi, har qanaqa yo‘l bilan bo‘lsada obunachi yig‘ishga harakat qilmadi. Ular odamlarga yangicha nigoh, boshqacha mehr orqali tabiat bilan do‘stlashishni o‘rgatdi.
Aleksandr va Gosha o‘rtasidagi do‘stlik tufayli keyinchalik boshqalar ham qarg‘alarga mehr ko‘rsatishni, ular haqida kontent olishni boshladi.
Lidiya biz yaxshi tanimagan chumolixo‘rni tushunishga, sevishga undadi. Lidiya tufayli hech kim e’tibor bermagan boshqa jonzotlar haqida videolar ko‘paydi.
Bu ikki blogerning ishida bir umumiylik bor edi: tabiat bilan odam o‘rtasida samimiy ko‘prik bo‘lish. Endi ularning sahifalarida yangi videolar paydo bo‘lmaydi. Ammo yangi izohlar, yangi e’tiroflar paydo bo‘lishda davom etyapti. Har safar ularning sahifasiga kirganimda, kechagi izohlar orasida yana bir yangi xotirani ko‘raman. Kimdir ularning sahifasiga yangi video izlab kirganini, kimdir qayg‘uga botganini va yana kimdir "men ham shu inson sabab tabiatni sevdim" deb o‘z hikoyasini yozib qoldiradi.
Shunda o‘yladim, insonning umri yuragi urishdan to‘xtagan kuni tugaydimi? Yoki u kimningdir nigohini, qalbini o‘zgartirgan bo‘lsa, o‘sha insonlarning mehrida yashashda davom etadimi?
Agar inson atrofidagilarga mehr ulasha olgan bo‘lsa, umr hech qachon tugamaydi.
Ular tabiatni shunchaki suratga olishmadi, ular tabiatning tilini odamlarga tarjima qilib berishdi. Va aslida haqiqiy qahramonlik ham shu: bu dunyodan ketganingdan keyin ham kimningdir nigohida, kimningdir mehrida yashab qolish.
Barno Sultonova

