Los-Anjelesda vertolyotning yonib ketishi bilan bogʻliq halokatda bir kishi halok boʻldi
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, bu oʻlim bilan yakunlangan avtobus halokati sodir boʻlgan joy yaqinida uchayotgan yangiliklar vertolyoti boʻlgan.

Los-Anjelesda vertolyot halokatga uchrab, yonib ketishi oqibatida bir kishi halok boʻldi
Los-Anjeles chekkasida vertolyot halokatga uchrashi oqibatida kamida bir kishi halok boʻldi, deb xabar berdi oʻt oʻchirish xizmati vakillari.
Los-Anjeles oʻt oʻchirish boshqarmasi (LAFD) matbuot kotibining BBC’ga maʼlum qilishicha, havo kemasi Chatsvort mavzesidagi ikkita tijorat binosi oraligʻiga qulashi oqibatida yana uch kishi jarohatlangan.
Voqea joyidan olingan videoda ikkita yuk konteyneri va bir nechta transport vositasi yonayotgani aks etgan. Oʻt oʻchirish boshqarmasining bildirishicha, yongʻin oʻchirilgan.
Havo kemasini kim boshqargani hozircha nomaʼlum, biroq mahalliy OAV xabarlariga koʻra, bu odam oʻlimi bilan bogʻliq avtobus halokati yuz bergan joy yaqinida uchayotgan yangiliklar vertolyoti boʻlgan.
LAFD kapitani Branden Silverman BBC’ning AQShdagi hamkori CBS telekanalining mahalliy filialiga shunday dedi: «Bizda vertolyot qulagan vaqtda uning tashqarisida boʻlgan bir nafar jabrlanuvchi haqida tasdiqlangan maʼlumot bor.
Oʻsha shaxs voqea joyida vafot etgani maʼlum qilindi. Hozircha vertolyot ichida qancha jabrlanuvchi yoki qancha odam boʻlganini tasdiqlamadik».
Los-Anjeles politsiya departamenti vertolyot ularga tegishli emasligini tasdiqladi.
Halokat seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 atrofida Lurlayn avenyusi va Nordxoff koʻchasi kesishmasida yuz bergan.
Transport xavfsizligi milliy kengashi (NTSB) ushbu hodisa yuzasidan tergovga rahbarlik qiladi.

