Dunyo

Vashingtonda otishma ro‘y berdi, 3 kishi halok bo‘lgan

AQShning Vashington shtati Siyetl shahrida otishma ro‘y berdi. Ma’lum bo‘lishicha, ikki qurollangan shaxs bir biriga qarata o‘q uzgan. Oqibatda esa 3 kishi halok bo‘ldi, yaralanganlar orasida 2 yoshli bola ham bor . Otishma yakshanba oqshomida shaharning eng mashhur va diqqatga sazovor nuqtasi Space Needle minorasi yaqinida ovqat festivalida sodir bo‘lgan.

Vashingtonda sodir bo‘lgan otishmada uch kishi hayotdan ko‘z yumdi, bir necha kishi jarohatlandi. Bu hodisa Sietlning ramzi hisoblangan Space Needle kuzatuv minorasi yaqinida, har yilgi oziq-ovqat festivali vaqtida yuz berdi. Yaralanganlar orasida ikki yoshli bola ham bor.

Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ikki qurollangan shaxs bir-biriga o‘q uzgan. Gumonlanuvchilardan biri voqea joyida qo‘lga olingan, ikkinchisi esa qidirilmoqda. Hodisa joyidan ikkala o‘qotar qurol ham topilgan.

Hozircha politsiya hodisaning sababini aniqlagani yo‘q, bu ommaviy hujummi yoki ikki shaxs o‘rtasidagi mojaro ekanligi tekshirilmoqda. Rasmiylar hozirda ushbu hududda harakatlanish va ko‘chaga chiqish uchun xavf yo‘qligini ma’lum qildi.

AP nashrining xabar berishicha, Space Needle yaqinidagi "Bite of Seattle" oziq-ovqat festivali o‘tkazilayotgan hududda 26-iyul kuni taxminan soat 18:30 atrofida o‘q ovozlari eshitilgan. Dastlab ketma-ket o‘q ovozlari yangragan, odamlar vahimaga tushib, har tomonga yugura boshlagan. Ota-onalar bolalarini xavfsiz joyga olib ketishga uringan. Ba’zi OAVlarning yozishicha, o‘sha paytda atrofda ag‘darilib yotgan bolalar aravachalari bo‘lgan, odamlar esa bir-birining ustidan bosib o‘tgan.

Sietl meri voqeani "dahshatli zo‘ravonlik" deb atab, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Politsiya esa jamoatchilikka hozirda xavf yo‘qligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, "Bite of Seattle" har yilgi festival bo‘lib, yuz minglab sayyohlarni jalb qilardi. Masalan, bu yilgi tadbirda 350 ming kishi ishtirok etgani aytiladi.

Internetda tarqalgan videolarda otishma paytida odamlar yerda cho‘kkalab, Space Needle foyesida ustunlar va tovarlar solingan javonlar orqasiga yashiringanliklari ko‘rinadi.

"Avvaliga mushakbozlik bo‘ladi deb o‘ylagandim, keyin hamma vahimaga tushib, yonimizdan yugurib o‘tdi", deydi guvohlardan biri CBS telekanaliga bergan intervyusida.

"Hamma yugurishni boshladi, shuning uchun biz ham yugurdik, bog‘ bo‘ylab yugurdik, orqaga chekindik va olomon bilan yugurishda davom etdik", deydi yana bir guvoh Associated Press agentligiga.

Politsiyaga ko‘ra, halok bo‘lganlardan ikkitasi erkak kishi – 19 va 44 yoshda, bittasi esa 56 yoshli ayol bo‘lgan. Sietlda davlat bayroqlari fojia munosabati bilan bugundan boshlab yarim metrga pastga tushirildi.

Kun.uz bilan suhbatlashgan Vashington shtatidagi bosh konsul Ahror Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, otishma oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.