Dunyo

Litvada rossiyaliklarga uy sotib olish cheklanishi mumkin

Litva hukumati Rossiya va Belarus fuqarolariga strategik ahamiyatga ega obyektlar yaqinida koʻchmas mulk sotib olishni taqiqlovchi qonun loyihasini maʼqulladi. Cheklov mamlakatda yashash ruxsatnomasi bor shaxslarga ham tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.

Litvada rossiyaliklarning uy xarid qilishiga cheklov qoʻyilishi mumkin

DW nashri Litva milliy radio va televideniyesi — LRTga tayanib xabar berishicha, hukumat bu loyihani 30-sentabr kuni maʼqullagan.

Hujjat razvedka faoliyati hamda «gibrid operatsiyalar», jumladan, harbiy mashgʻulotlarni kuzatish va qoʻshinlar harakatini nazorat qilish imkoniyatlarini kamaytirishga qaratilgan.

Loyihaga muvofiq, Rossiya va Belarus fuqarolari strategik obyektlarga yaqin hududlarda koʻchmas mulk xarid qila olmaydi. Ularning vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga egaligi istisno uchun asos boʻlmaydi. Biroq mulk meros orqali olingan holatlarga taqiq tatbiq etilmaydi.

Agar qonun loyihasi parlament — Seym tomonidan ham maʼqullansa, oʻzgartishlar 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Litva Markaziy reyestrining joriy yil may oyidagi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda yashash ruxsatnomasiga ega 5 104 nafar Rossiya va 2 781 nafar Belarus fuqarosi koʻchmas mulk sotib olgan. Bu mulklarning ayrimlari strategik ahamiyatga ega obyektlar yaqinida joylashgan.

Xabarda qayd etilishicha, Latviya va Finlandiyada shunga oʻxshash cheklovlar amal qilmoqda. Estoniya ham bunday taqiqni joriy etishni rejalashtirmoqda.

Litva parlamenti aprel oxirida Rossiya va Belarus fuqarolariga nisbatan sanksiyalar toʻgʻrisidagi qonun amal qilish muddatini 2027-yil 31-dekabrgacha uzaytirgan edi. Yangi loyiha koʻchmas mulk xaridiga doir cheklovlarni yashash ruxsatnomasi bor shaxslarga ham kengaytirishni nazarda tutmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.