Litva Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda: evakuatsiya rejasi tuzildi

Litva Rossiya bilan urush ehtimoliga hozirlik ko‘rmoqda: evakuatsiya rejasi ishlab chiqildi
Litva harbiy to‘qnashuv yoki katta inqiroz yuzaga kelgan taqdirda poytaxt Vilnyus aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha reja tayyorladi. Poytaxtni evakuatsiya qilishning uchta asosiy yo‘nalishidan biri Polsha chegarasi tomon olib boradi.
Polshaning Podlyas vaevodligi hukumati ushbu hududni Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisi uchun tranzit koridori sifatida tayyorlamoqda. Rejaga ko‘ra, evakuatsiya tartibi xavfning qayerda joylashgani va uning ko‘lamiga qarab belgilanadi. Polshadan tashqari, Litvaning shimoli va g‘arbiga olib boruvchi yo‘llar ham nazarda tutilgan.
Vilnyus shahar munitsipalitetining Fuqaro muhofazasi departamenti vakili Jigimantas Solovyovas hokimiyat yangilangan evakuatsiya rejasini bir yil avval taqdim etganini ma’lum qildi.
“Poytaxtdan chiquvchi evakuatsiya yo‘llaridan biri Polshaga olib borishi kerak”, dedi u.
Shu bilan birga, evakuatsiya bevosita xavf yuzaga kelishidan oldin boshlanishi kerak. Vilnyus aholisiga hujum vaqtida shahardan chiqib ketishga umid qilmaslik tavsiya etiladi.
“Vilnyusliklar hujum paytida evakuatsiya yo‘nalishlaridan biri orqali shaharni tark eta olamiz deb o‘ylamasligi kerak”, dedi Solovyovas.
Tinch aholi to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum paytida boshpanalarga yashirinishlari lozim. Shahar ma’muriyati vakiliga ko‘ra, rejaning maqsadlaridan biri aholini evakuatsiya uyushgan va nazorat qilinadigan jarayon bo‘lishi kerakligiga tayyorlashdir.
Polshaning Podlyas vaevodligi Boltiqbo‘yi davlatlari uchun mintaqaviy evakuatsiyani rejalashtirish tizimiga kiritilgan. Mahalliy hokimiyat organlari favqulodda vaziyatlarda harakat qilish rejalarini tayyorlashda ishtirok etmoqda.
“Polskie Radio” nashrining yozishicha, bu qaror Polshaning sharqiy chegarasi yaqinidagi urush va vaziyat yanada keskinlashib ketishi xavfi bilan bog‘liq. Shu sababli, bu Vilnyus aholisini hozirning o‘zida evakuatsiya qilishni anglatmaydi. Bu faqat harbiy xavf yoki yirik inqiroz uchun oldindan tayyorlangan ssenariydir.
Rossiya 2025-yilda NATO mamlakatlaridan biriga hujum qilishi mumkinligi taxmin qilingan edi. Ukrainadagi urush davom etayotgan bo‘lsa-da, Yevropada “tajovuzkor” mamlakatning bostirib kirishi haqidagi xavotirlar so‘nggi paytlarda kuchaymoqda. Moskva esa hech kimga hujum qilish niyati yo‘qligini ta’kidlab keladi.
Avvalroq Germaniya shifoxonalarini Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, Berlin rasmiysi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi harbiy to‘qnashuvga tayyor emasligini tan olgan. Hukumat harbiylar uchun maxsus bunkerni qayta ishga tushirishni buyurgan.

