Litva parlamenti yadro qurolini joylashtirishga qoʻyilgan taqiqni bekor qilish haqidagi qonun loyihasini qabul qildi

Litva parlamenti yadro qurolini joylashtirishga taqiqni bekor qilish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi
Litva parlamenti Konstitutsiyadan mamlakat hududida yadro qurolini joylashtirishni taqiqlovchi bandni olib tashlashga doir qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. LRT xabariga ko‘ra, 99 nafar deputat hujjatni yoqlab ovoz bergan, 13 nafari qarshi chiqqan, yana besh deputat betaraf qolgan.
Qonun loyihasi to‘liq qabul qilinishi uchun parlament yana ikki bor ovoz berishi kerak. Ovoz berishlar orasida uch oylik tanaffus bo‘lishi lozim: birinchisi 9-oktyabrga, ikkinchisi esa 12-yanvarga belgilangan. Tuzatish qabul qilinishi uchun 141 deputatdan kamida 94 nafari uni qo‘llab-quvvatlashi shart.
Iyun oyi boshida Financial Times AQSH Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlarida yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida yozgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, gap yadro qurolini tashishga qodir AQSH bombardimonchi samolyotlari haqida ketmoqda. Litva hukumati bunday muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlab, buning uchun Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Sentyabr oyida Kreml, agar Litva o‘z hududida yadro arsenalini joylashtirsa, mamlakat Rossiya yadro qurolining “nishoniga aylanishini” ma’lum qildi.
Hozirda yadro qurolini tashishga qodir AQSH harbiy samolyotlari NATOning olti davlatida — Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya va Turkiyada joylashtirilgan.
Rossiya esa Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng o‘z yadro qurolini Belarus hududiga joylashtirdi.

