KXDR va AQSH muzokaralarni qayta boshlashi mumkin — Janubiy Koreya razvedkasi

**KXDR va AQSH muzokaralarni qayta boshlashi mumkin — Janubiy Koreya razvedkasi**
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (MRX) brifingidan so‘ng deputat Yun Gon Yonning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida muzokaralar qayta boshlanishi ehtimoli mavjud. Hozircha Pxenyan va Vashington o‘rtasida aniq aloqalar o‘rnatilgani tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, deputatning so‘zlariga ko‘ra, "Shimoliy Koreya—AQSH sammitiga kelsak, muzokaralar istalgan vaqtda boshlanishi mumkin, degan baholash bor".
AQSH prezidenti Donald Tramp avgust oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan 2026-yil oxirigacha uchrashishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. Bu bayonot Tramp AQSH va Janubiy Koreya o‘rtasidagi har yilgi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni keskin qisqartirishni buyurganidan so‘ng yangragan. Tramp va Kim Chen In 2018—2019-yillarda uch marta uchrashgan.
**Kim Chju Enning vorislikka tayyorlanishi va Rossiya-Ukraina urushi**
Janubiy Koreya razvedkasi Kim Chen Inning qizi Kim Chju Eni uning vorisi sifatida tayyorlash jarayoni davom etayotganini taxmin qilmoqda. Razvedka bahosiga ko‘ra, Chju Ening Shimoliy Koreya davlat OAVlarida tez-tez ko‘rinish berishi ham uni voris sifatida tayyorlash jarayoni bilan bog‘liq.
Shuningdek, Janubiy Koreya razvedkasi Pxenyanning Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida jang qilish uchun qo‘shimcha harbiylar yuborish ehtimolini hozircha "juda past" deb baholagan. Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Pxenyan Rossiyaga yordam berish uchun yana 50 minggacha harbiy yuborishni rejalashtirayotgani haqidagi da’vosini rad etgan edi.
**Razvedka ma’lumotlari va KXDRning pozitsiyasi**
Brifingda ishtirok etgan yana bir deputat Yu Yon Ha Milliy razvedka xizmati Shimoliy Koreya raketasining chizmasi hamda mamlakatdagi hukmron partiyaning ichki hujjatini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi, biroq qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmadi.
Fevral oyida Kim Chen In Vashington "dushmanlik siyosatini" to‘xtatsa, AQSH bilan kelishuvga tayyorligini bildirgan edi. Shu bilan birga, Pxenyan yadroviy quroldan voz kechmasligini ta’kidlab kelmoqda. 2025-yil iyulida Kim Yo Chjon AQSH bilan yangi muzokaralar Vashington KXDRning yadroviy davlat maqomini tan olgan taqdirdagina ma’noga ega bo‘lishini aytgan. U Tramp va Kim Chen In o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar "yomon bo‘lmagani"ni ham qayd etgan.
17-avgust kuni Tramp Pentagonga Janubiy Koreya bilan o‘tkaziladigan 10 kunlik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni "sezilarli darajada qisqartirish"ni buyurdi. U bunda Kim Chen In bilan "juda yaxshi munosabatlar"ga ega ekanini ham ta’kidlagan. 19-avgustda esa Tramp kuzda Kim Chen In bilan uchrashish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi.

