Kim Chen In KXDR mudofaa vazirini almashtirdi

Kim Chen In KXDR mudofaa vazirini almashtirdi
Deutsche Welle xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat mudofaa vaziri No Gvan Chxolni lavozimidan ozod etib, uning o‘rniga Koreya xalq armiyasi bosh siyosiy boshqarmasining sobiq rahbari Kim Son Giyni tayinladi. Bu ma’lumot Shimoliy Koreyaning davlat axborot agentligiga tayanib berilgan.
Xabarlarga ko‘ra, Kim Chen In raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakat harbiy rahbariyatini tarkibiy jihatdan qayta tashkil etish rejasi tasdiqlangan. Shuningdek, KXDR harbiy rahbariyatida boshqa kadrlar almashinuvi ham amalga oshirilgan.
Lavozimidan chetlatilgan mudofaa vaziri nafaqat o‘z lavozimidan ayrilgan, balki Mehnat partiyasi iyerarxiyasida ham Harbiy sanoat departamenti rahbari o‘rinbosari darajasigacha tushirilgan.
Kadrlar almashinuvi sabablari ma’lum qilinmagan. Bu o‘zgarishlar Shimoliy Koreya Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish jarayoni davom etayotgan bir paytda yuz bergan.
Janubiy Koreya ma’lumotlariga ko‘ra, bundan atigi bir hafta avval KXDR kamida 10 ta qisqa masofali ballistik raketa uchirgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp avvalroq joriy yil oxirigacha Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashish hamda Pxenyanning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash niyatida ekanini aytgandi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda KXDR rahbari ixtiyorida 57 ta juda kuchli yadroviy kallak mavjud. Shuningdek, Tramp AQSH va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari ko‘lamini sezilarli darajada qisqartirishni buyurgandi.
Bundan tashqari, Tramp Janubiy Koreyadan mamlakatni himoya qilgani uchun tovon puli talab qilgan. Oq uy rahbari matbuot anjumani chog‘ida gap 10 milliard dollar haqida ketayotganini aytgan. Bunga javoban Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong mamlakat armiyasi ustidan AQSH ta’siridan holi mustaqil nazoratni qaytarishga chaqirgandi.

