Tramp yetti yil o‘tgach, yana Kim Chen In bilan uchrashadi
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp joriy yilda KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashishni kutayotganini ma’lum qildi.

Yetti yillik tanaffusdan so‘ng, Donald Tramp yana Kim Chen In bilan uchrashish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Oq uy oldida jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan, siyosatchi bu savolga ijobiy javob berdi: "Ha, men shunday qilaman".
Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi bilan munosabatlari yaxshi ekanligini ta’kidlab, shunday dedi: "Kim Chen In bilan munosabatlarimiz yaxshi. Unda juda qudratli 57 ta yadro quroli bor. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi, ammo bu qurollar unda bor. Men uni juda yaxshi bilaman. Bizda aqlli prezident bor ekan, uning ishlari yaxshi bo‘ladi. Agar ahmoq prezident bo‘lsa, uning ishlari yaxshi bo‘lmaydi".
The Wall Street Journal nashrining xabar berishicha, Tramp Pxenyan yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklash maqsadida shu yilning kuzida Kim Chen In bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.
Tramp va Kim Chen In avvalroq Amerika yetakchisining birinchi prezidentlik davrida uch marta uchrashishgan: 2018-yilda bir marta va 2019-yilda ikki marta. O‘shanda denuklearizatsiya bo‘yicha muzokaralar KXDR yadroviy infratuzilmasini yo‘q qilish shartlari bo‘yicha tomonlar kelisha olmagani sababli kelishuvsiz yakunlangan edi.
Shu hafta boshida Tramp Shimoliy Koreya yetakchisining muloqot taklifiga javob berganini aytib, "Kim Chen In menga doim katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgan", deya qo‘shimcha qilgan edi.

