Kuzni xavotirsiz qarshi olamiz: salqin mavsumda immunitetni ko‘tarish bo‘yicha tavsiyalar

Kuzni xavotirsiz kutib olish: salqin mavsumda immunitetni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar
Kuz fasli taqvimda emas, balki organizm quyosh nuri kamayganini, kundalik tartib buzilganini va odatiy ishlarga quvvat yetishmayotganini his qilgan paytdan boshlanadi. Bunday kunlarda ko‘pchilik charchoqni yengish uchun birdaniga barcha choralarni ko‘rishga kirishadi: yo‘l-yo‘lakay kofe ichish, "kuz keldi, dorixonadan vitamin olish kerak" deb, turli detoks dasturlari va immunitetni tezda ko‘tarishni va’da qiluvchi reklamadagi rang-barang biologik faol qo‘shimchalarni xarid qilishga shoshilish shular jumlasidandir.
Biroq shifokorlar chiroyli reklama o‘ramlari va marketing hiylalarini chetga surib, masalaga tibbiy nuqtayi nazardan yondashishni tavsiya etadi. Aslida, kuz faslida organizmga biz o‘ylaganchalik ko‘p narsa kerak emas.
Immun tizimi ma’lum bir faslda uyg‘onib, keyin uxlab qoladigan mexanizm emas, u yil bo‘yi tinimsiz ishlaydi. Ammo kuzda havo sovishi bilan uning barqaror ishlashi uchun organizmda haqiqatan ham kerakli moddalar yetarli ekaniga ishonch hosil qilish lozim.
Kuzda organizm uchun eng zarur bo‘lgan vitaminlar:
**D vitamini eng muhimlaridan biridir**
U nafaqat suyaklar, balki butun immun tizimi uchun nihoyatda zarur bo‘lib, tana kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini tartibga solishda bevosita ishtirok etadi. Kuz va qish oylarida kunlar qisqarib, quyosh nuri kamayishi natijasida bu vitamin yetishmovchiligi ko‘p kuzatiladi. Shifokorlarning ta’kidlashicha, D vitaminini me’yorida saqlab turish o‘tkir respirator infeksiyalar (shamollash) xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
**C vitamini**
Ushbu vitamin immun tizimi hujayralarining faolligini oshiradi va tanani turli infeksiyalardan himoya qiladi. Shifokorlar C vitaminini dorilardan emas, balki kundalik oddiy taomlardan olishni maslahat berishadi. Shirin bulg‘or qalampiri, kivi, sitrus mevalar — apelsin, limon, rezavorlar, karam va brokkoli bu moddaga boy.
**Sink**
Sink minerali immun hujayralarining to‘g‘ri ishlashi va organizmdagi yallig‘lanish jarayonlarining oldini olish uchun zarur. Ilmiy izlanishlar sinkning ma’lum shakllari shamollash davomiyligini qisqartirishi mumkinligini ko‘rsatadi.
**Kuzda immunitetni mustahkamlashni nimadan boshlash kerak?**
Shifokorlarning ta’kidlashicha, barcha dori-darmonlardan ham muhimroq bo‘lgan bir oltin qoida bor: immun tizimini faqat bitta "sehrli" vitamin yoki dori bilan kuchaytirib bo‘lmaydi. Organizmga A, C, D, E, B guruhi vitaminlari, temir, sink va selen kabi ko‘plab moddalarning hammasi birdek zarur. Ularning tanqisligi salomatlikka salbiy ta’sir qilishi rost, biroq bu kuzda dorixonadagi barcha dori va qo‘shimchalarni xarid qilishingiz kerak degani emas.
Eng avvalo, kundalik ovqatlanish ratsioni va turmush tarziga e’tibor qaratish, zarurat tug‘ilganda shifokor ko‘rigidan o‘tib, qaysi modda yetishmayotganini tahlillar orqali aniqlash lozim.
Kuz fasli bizdan zudlik bilan dorilar yordamida immunitetni qutqarishni talab qilayotgani yo‘q. U shunchaki organizm har kuni to‘xtovsiz ishlashini eslatib qo‘ymoqda. Tanaga faqatgina kofe, tugamaydigan ishlar va ijtimoiy tarmoqlardagi chiroyli va’dalarni emas, balki u o‘zini tiklay oladigan haqiqiy yordamni berish kerak. Bular — o‘z vaqtida va yetarlicha uxlash, jismoniy harakat, xilma-xil taomlanish hamda tabiiy vitaminlardir.

