Kung-funi biladi, mashinani koʻtaradi: Xitoyda robot-qoʻriqchi namoyish etildi
Xitoyning Unitree kompaniyasi kung-fu harakatlarini bajaradigan, salto qiladigan va avtomobilning old qismini koʻtara oladigan odamsimon robotini namoyish etdi. H2-X Kung Fu Legend Guardian deb nomlangan model qoʻriqlash va qutqaruv vazifalari uchun moʻljallangani aytilmoqda.

Kung-funi biladi, mashinani koʻtaradi: Xitoyda robot-qoʻriqchi namoyish qilindi
Yangi robot kompaniyaning mavjud H2 platformasi negizida ishlab chiqilgan. Unitree tarqatgan qisqa videoda uning jismoniy imkoniyatlari hamda odamlarni himoya qilishga yoʻnaltirilgan sahnalashtirilgan vaziyatlar namoyish etilgan.
Videoning boshida robot metall chiqindilari maydonchasidagi avtomobil tomiga chiqib, orqaga salto qiladi. Soʻng u tizzasi, tirsagi va mushtlari bilan mashinaga zarba beradi. Natijada eshiklar va kapotda aniq ezilishlar hosil boʻladi.
Keyin H2-X balandligi toʻrt metr deb koʻrsatilgan platformadan sakraydi, yerga tushgach dumalab, yana oyoqqa turadi. Keyingi kadrlarida u sakrab tepish va salto kabi harakatlarni bajaradi.
Unitree’ning aytishicha, videoda haqiqiy sinovlar aks etgan va tasvir tezligi oshirilmagan.
Rolikning boshqa qismida qoʻriqlash va qutqaruvga oid sahnalashtirilgan holatlar ham koʻrsatilgan. Bir epizodda robot ayol bilan qurollangan kishi orasiga kirib, uni chekinishga majbur qiladi. Yana birida u yaqinlashib kelayotgan avtomobil yoʻlida turgan odamni itarib, chetga olib chiqadi.
Boshqa bir sahnada esa robot mashina ostidagi manekenni chiqarish uchun avtomobilning old qismini biroz koʻtaradi. Demak, videoda butun avtomobilni yerdan uzib koʻtarish emas, uning bir qismini koʻtarish tasvirlangan.
H2-X’ning batafsil texnik xususiyatlari hozircha toʻliq oshkor etilmagan. Kompaniya toʻliq quvvatlangan akkumulyator taxminan sakkiz soat ishlashga yetishini maʼlum qilmoqda. Biroq bu koʻrsatkich qaysi yuklama sharoitida olingani nomaʼlum. Uzoq yurish va shiddatli sakrashlar avtonom ishlash vaqtini kamaytirishi mumkin.
Taqqoslash uchun, oddiy H2 modeli sigʻimi 15 amper-soat boʻlgan tez almashtiriladigan bitta akkumulyator bilan taxminan uch soat ishlaydi. Yangi robotda qanday batareya yoki energiya tejash yechimi qoʻllangani haqida toʻliq maʼlumot berilmagan.
Eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, H2-X’ning boʻyi qariyb 182 santimetr, vazni esa 70 kilogramm boʻlib, bu borada u bazaviy H2 modeliga mos keladi.
Robot 31 ta erkinlik darajasiga ega. Bu uning boʻgʻimlari turli yoʻnalishlarda mustaqil harakatlana olishini anglatadi. Har bir oyoqqa oltitadan, har bir qoʻlga yettitadan, bel qismiga uchta va bosh qismiga ikkita erkinlik darajasi toʻgʻri keladi.

