Krishtianu Ronaldu 4 nafar investor bilan birgalikda "Al-Nasr"ni sotib olish boʻyicha taklif tayyorlamoqda

Krishtianu Ronaldu 4 ta investor bilan birgalikda «Al-Nasr»ni sotib olish boʻyicha taklif tayyorlamoqda
Besh karra «Oltin toʻp» sohibi, portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu oʻzi hozirda toʻp surayotgan Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» futbol klubi xoʻjayiniga aylanishi mumkin.
DAZN Portugal nashri manbasining xabar berishicha, 41 yoshli futbolchi boshqa 4 ta investor bilan birgalikda klubni sotib olish uchun ariza tayyorlamoqda. Kelishuvning har bir ishtirokchisi jamoani sotib olish uchun kamida 92 million yevro sarmoya kiritishi nazarda tutilgan.
Ronaldu 2022 yilning dekabridan buyon «Al-Nasr»da oʻynab kelmoqda. Oʻzining professional faoliyati davomida u Lissabonning «Sporting», Angliyaning «Manchester Yunayted», Ispaniyaning «Real Madrid» va Italiyaning «Yuventus» klublari sharafini ham himoya qilgan.
Portugaliyalik futbolchi faoliyati davomida 5 marta Chempionlar ligasida gʻolib chiqqan, 1 marta Yevropa chempioni boʻlgan va 2 marta Millatlar ligasida zafar quchgan. Bundan tashqari, u milliy terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Chempionlar ligasi va Klublar oʻrtasidagi jahon chempionati tarixidagi eng yaxshi toʻpurar sifatida rekordni saqlab turibdi.

