Mahalliy

Koreyadagi vatandoshlar uchun 3 yillik dastur va prezident stipendiyasi joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev Koreyadagi vatandoshlar bilan uchrashuvda ular uchun yangi uch yillik dastur ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Shuningdek, 'El-yurt umidi' jamg‘armasi orqali yoshlarni Koreyaning yetakchi oliygohlarida 6 oy davomida yangi kasbga o‘qitish va ta’lim xarajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda.

Koreyadagi vatandoshlar uchun 3 yillik dastur va prezident stipendiyasi joriy etiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvda ular uchun yangi uch yillik dastur yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali saralangan yoshlarga Koreyaning yetakchi oliygohlarida 6 oy davomida yangi kasb o‘rganish va o‘qish xarajatlarini to‘liq qoplash taklif etildi.

Davlat rahbari uchrashuvda Koreya O‘zbekiston uchun muhim hamkor ekanini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etdi.

“Koreya bilan bolalarimizni olib kelib ishlatish, bolalarimizni o‘qitishimiz bo‘yicha yangi uch yillik dastur qilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning aytishicha, mazkur dastur, avvalo, yoshlarni kasbga o‘qitish, ular uchun yangi imkoniyatlar ochish va Koreya tajribasini samarali o‘zlashtirishga qaratilgan bo‘ladi.

U bu borada oliy ta’lim muassasalarida ham kasbga yo‘naltirishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berilayotganini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev respublikadagi oliygoh rektorlariga talabalarni darsdan keyin kasbga o‘rgatish bo‘yicha topshiriq berilayotganini ma’lum qildi.

“Soat uchgacha o‘zing darsingni berasan, uchdan keyin bolalarimni kasbga o‘rgatasan, deyapman. Kasbi bo‘lgan odam hech qachon xor bo‘lmaydi”, — dedi u.

Prezident, shuningdek, Koreyada tahsil olayotgan va hozirgi o‘qishidan to‘liq qoniqmayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyat yaratilishini aytdi.

Uning ma’lum qilishicha, bir oy ichida prezident huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari Koreyaga borib, vatandoshlar bilan uchrashadi. Shundan so‘ng munosib nomzodlarga Koreyaning eng yaxshi oliygohlarida 6 oy davomida yangi kasb bo‘yicha o‘qish uchun Prezident stipendiyasi ajratiladi va ta’lim xarajatlari qoplab beriladi.

“Olti oyga eng zo‘r Koreya oliygohiga stipendiyasini ham, o‘qishini ham to‘lab, yangi kasbga o‘qitishga Koreya tajribasi qilmoqchiman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ushbu tajriba keyinchalik boshqa davlatlarda ham qo‘llanishini bildirdi.

“Yangi qaror qabul qilaman borganimdan keyin, Koreya tajribasi qilamiz, boshqa davlatlarga ham, lekin sizlarning tajribalaringiz asosida bo‘ladi”, — dedi prezident.

Uchrashuvda yoshlarning yutuqlari va milliy g‘urur masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Prezident buyuk ajdodlarning ilmiy kashfiyotlari bilan faxrlanish muhimligini qayd etar ekan, zamonaviy O‘zbekiston yoshlarining sport, shaxmat, fan va boshqa sohalardagi yutuqlari ham mamlakatning yangi qiyofasini namoyon etishi kerakligini ta’kidladi.

U jumladan, shaxmat bo‘yicha Javohir Sindarov va futboldagi yoshlarning muvaffaqiyatlarini misol qilib keltirdi.

“Yangi O‘zbekistonning kashfiyotini, Javohir Sindarovga o‘xshagan bolalarim, mana futbol bo‘yicha bolalarim, mana shaxmat bo‘yicha boshlanyapti, yoshlarimizni dunyoga tanitish uchun harakat qilamiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

“Sizlar boshqalarga nisbatan o‘zlaringizni madaniyatlaringiz bilan, bilimlaringiz bilan, intilishlaringiz bilan o‘rnak bo‘lib yurgan farzandlarimsizlar”, — dedi davlat rahbari.

Prezident uchrashuv yakunida vatandoshlarning takliflari o‘rganilishi va ular asosida tegishli qarorlar qabul qilinishini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.