Kompaniyalar SI tufayli bo‘shatilgan xodimlarni qayta ishga olmoqda
Texnologiyalar kutilgan natijani bermayapti, kompaniyalar ularning faoliyatini inson nazorat qilishi kerak deb hisoblamoqda.

Kompaniyalar SI sabab ishdan bo‘shatilgan xodimlarni yana ishga olmoqda
Ba’zi kompaniyalar sun’iy intellekt joriy etilgach bo‘shatilgan xodimlarni qayta ishga qaytarmoqda. Bunga texnologiyalar kutilgan samarani bermayotgani va ularning ishlashi inson nazoratini talab qilayotgani sabab bo‘lmoqda.
Xodimlarni qayta jalb qilgan kompaniyalar qatorida Shvetsiyaning Klarna to‘lov xizmati ham bor. Kompaniya rahbari Sebastian Siemiatkovki xarajatlarni kamaytirish uchun chatbotga haddan tashqari suyanilganini tan oldi. Uning aytishicha, xizmat mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga xodimlarni qayta yollashni boshlagan.
Iyun oyida Ford avtokompaniyasi ham sifat nazoratida qo‘llangan sun’iy intellekt vositalari kutilgan natijani bermagach, 350 nafar tajribali muhandisni ishga olgani yoki yuqori lavozimga ko‘targanini ma’lum qildi. Biroq, Associated Press hozircha to‘liq statistikaga ega emas.
Qayta ishga olingan xodimlar yuqoriroq maosh va yaxshiroq mehnat sharoitlarini talab qilmoqda. Shuningdek, ular sun’iy intellekt kelajakda kompaniyalardagi xodimlar soniga qanday ta’sir ko‘rsatishi bilan ham qiziqmoqda.
Kadrlar bilan ishlash bo‘yicha Robert Half kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim ish beruvchilar SI faoliyatini nazorat qilish zarurati tufayli avval qisqartirilgan lavozimlarni qayta tiklagan. Bunga xodimlar tashkilot haqida yillar davomida to‘plagan bilimlarni sun’iy intellekt o‘zlashtira olmasligi ham sabab bo‘lmoqda.
Tanqidiy fikrlash, ijodkorlik va hamkorlik qilish qobiliyati ham inson xodimlarning muhim ustunliklari hisoblanadi, deydi kompaniya vakili Bill Driskoll.
Forrester tahlilchisining aytishicha, ish beruvchilar xodimlarning lavozim doirasidan tashqaridagi xususiyatlarini e’tibordan chetda qoldirmoqda. Sababi odamlar hamkasblarining kayfiyatini tushunishi, jamoada ishonch va hamjihatlikni saqlashi mumkin:
“Siz xodimlarni ishdan bo‘shatib, sun’iy intellektdan odamlar qilgan ishlarni takrorlay olishini kutganingizda, ko‘pincha xato qilasiz”, dedi u.

