"Sunʼiy intellekt ishimizni olib qoʻymaydi, vazifalarimizni oʻzgartiradi, xolos" - ekspert Anvar Narzulloh
“Nima dard” podkasti navbatdagi sonida sunʼiy intellektning kasblar va mehnat bozoriga taʼsiri muhokama qilindi.

"Sunʼiy intellekt ishimizni olib qoʻymaydi, vazifalarimizni oʻzgartiradi, xolos" — ekspert Anvar Narzulloh
Mohirdev platformasi asoschisi Anvar Narzullohning taʼkidlashicha, texnologik taraqqiyot ayrim kasblarning yoʻqolishiga olib keladi, biroq shu bilan birga yangi ishlar va faoliyat yoʻnalishlarini ham paydo qiladi.
"Shu vaqtga qadar hayotimizga kirib kelgan har bir yangi texnologiya ayrim kasblarni yoʻqotgan. Masalan, ATS paydo boʻlishidan oldin telefonlarni qoʻlda ulab beradigan operatorlar bor edi. Minglab odamlar shu ish bilan shugʻullangan. Avtomatik telefon stansiyalari joriy etilgach, mazkur kasbga ehtiyoj qolmadi. Ammo uning oʻrniga boshqa vazifalar shakllandi.
Internet ham mobilograf, SMM mutaxassisi, kopirayter, dasturchi kabi ilgari mavjud boʻlmagan kasblarni yuzaga keltirdi. Bugun esa sunʼiy intellekt ayrim vazifalarni oʻz zimmasiga olmoqda. Bu xodimning ishi tugaydi degani emas. Aksincha, inson sunʼiy intellekt bajara olmaydigan vazifalarga koʻproq eʼtibor qaratadi", — deydi ekspert.
Suhbatda sunʼiy intellektdan foydalanish inson mehnatini butunlay almashtirish emas, balki uni yengillashtirishga xizmat qilishi mumkinligiga misol sifatida tibbiyot sohasi keltirildi.
Xususan, shifokorlar bemorni qabul qilish bilan birga, koʻplab hisobot va hujjatlarni ham tayyorlashiga toʻgʻri keladi. Sunʼiy intellekt esa mutaxassis va bemor suhbatini audio shaklida qayd etib, uni matnga aylantirish va belgilangan formatda hisobot tayyorlashda yordam berishi mumkin. Bunda yakuniy qaror va masʼuliyat shifokorning oʻzida qoladi, texnologiya esa hujjat ishlariga sarflanadigan vaqtni qisqartiradi.

