Kipr politsiyasi Roman Abramovichning moliyaviy ishlari boʻyicha surishtiruv boshladi
Shu oyning boshida Abramovichning ayrim professional maslahatchilarining halolligiga oid savollar oʻrtaga tashlandi.

Kipr politsiyasi Roman Abramovichning moliyaviy ishlari boʻyicha surishtiruv boshladi, bunga BBC Panorama koʻrsatuvida Deloitte auditorlik kompaniyasi uning boyligini yashirish va soliqdan qochish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirishga yordam bergani oshkor qilingani sabab boʻldi.
Abramovichning baʼzi professional maslahatchilarining xatti-harakatlari boʻyicha savollar shu oy boshida BBC va Tergov jurnalistikasi byurosi (TBIJ) tomonidan oʻtkazilgan qoʻshma surishtiruvda ilk bor olib chiqilgan edi.
Kipr Adliya vazirligi rasmiysi shu hafta deputatlarga maʼlum qilishicha, xulosalar politsiyaning Moliyaviy qidiruv boʻlimi tomonidan oʻtkaziladigan yangi tekshiruv doirasida oʻrganib chiqiladi.
Abramovichning advokatlari uning soliqdan boʻyin tobganini yoki boyligini yashirganini inkor etmoqda. Deloitte Cyprus kompaniyasi esa «amaldagi qonunlarga muvofiq» faoliyat yuritishini bildirdi.
Surishtiruv Kipr poytaxti Nikosiyada pulni oʻzlashtirishga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan parlament qoʻmitasi yigʻilishida oshkor qilindi.
Adliya vazirligi mulozimi deputatlarga politsiya biror bir jinoyat sodir etilgan-etilmaganini aniqlashga harakat qilishini aytdi.
Oʻtgan hafta BBC va TBIJ Kiprdagi Deloitte tomonidan 2006 yilda tasdiqlangan hisobotlar sabab Abramovich kompaniyasining hisoblaridan 672 million dollarlik (508 million funt sterling) superyaxtalar, hashamatli hovlilar va shaxsiy samolyotlar kabi aktivlar yoʻq boʻlib qolgani haqida xabar bergan edi.
Dunyodagi eng yirik auditorlik firmasi boʻlmish Deloitte, shuningdek, soxtalashtirilgan hujjatlar orqali oligarxning boyligidan olinadigan juda katta soliq toʻlovidan qochish rejasi boʻyicha maslahat berganga oʻxshaydi.
Kiprdagi Deloitte Abramovichning kompaniyasiga soliqdan boʻyin toblash sxemasi boʻyicha maslahat bergan koʻrinadi.
Dalillar sizib chiqqan fayllardan, jumladan, Abramovichning moliyasi va 1995 yildan 2022 yilgacha Kiprdan boshqarilgan offshor kompaniyalar tarmogʻining faoliyatiga oid minglab hujjatlardan olingan.
BBC va uning media hamkorlari, jumladan TBIJ, Guardian, Paper Trail Media, Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani oʻrganish loyihasi (OCCRP) hamda Kipr surishtiruv jurnalistikasi tarmogʻi Xalqaro surishtiruv jurnalistlari konsortsiumi doirasida 2023 yildan beri sizib chiqqan fayllar boʻyicha xabar berib kelmoqda.
Kipr politsiyasi vakili Andreas Anastasiades deputatlarga Moliyaviy jinoyatlar boʻlimi allaqachon dalillarni toʻplashni boshlaganini va surishtiruv bir necha oy davom etishi kutilayotganini aytdi.
BBC’ning surishtiruv davomida Deloitte’ning roli oʻrganiladimi, degan savoliga Andreas Anastasiades shunday javob berdi: «Biz aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday kompaniya yoki shaxsni oʻrganamiz».
U shunday qoʻshimcha qildi: «Firibgarlik sodir etilgani yoki baʼzi hujjatlar soxtalashtirilganini koʻrib chiqamiz».
Abramovichning advokatlari Panorama milliarderning biror-bir hujjatni soxtalashtirishdan xabardor boʻlgani, uni tasdiqlagani yoki unga koʻrsatma bergani haqida hech qanday dalil keltirmaganini aytmoqda. ular, shuningdek, uning kompaniyalari professional maslahatlarga tayanishga haqli ekanini bildirdi.
Deloitte Cyprus hujjatlar 20 yildan koʻproq vaqt oldinga tegishli ekani va ulardan foydalanish imkoni boʻlmagani uchun izoh bera olmasligini aytdi.
BBC va TBIJ ilgari Abramovichga oʻz yaxtalarini saqlash xarajatlari boʻyicha millionlab soliqlarni toʻlashdan qochish imkonini bergan soliq kelishuvi haqida xabar bergan edi.
Ushbu xabardan soʻng, kompaniyaning ikki sobiq direktori ayblandi va kelasi oy Kiprda toʻlanmagan 25 million yevro miqdoridagi QQS boʻyicha sud oldida javob berishlari kutilmoqda.
Janob Abramovichning advokatlari avvalroq BBC’ga u «har doim mustaqil ekspertlarning professional soliq va huquqiy maslahatlarini olganini» va ularga «muvofiq ish tutganini» aytgan edi.

