Mahalliy

«Kimdir masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi kerak». Chirchiqlik oila ogʻir avtotexnika ishtirokidagi YHHda vayron boʻlgan uy uchun yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda

Chirchiqda kombaynlar ortilgan yarim tirkama yuk mashinasidan ajralib ketib, Berdibekovlar oilasining uyiga borib urildi. Hodisa oqibatida devorlar va tom vayron boʻlgan, gaz quvuri shikastlangan. Bir oy oʻtsa hamki, yashovchilar haligacha kompensatsiya olishmagan va uyni oʻz kuchlari bilan qayta tiklashmoqda. Vaziyatni «Gazeta» oʻrgandi.

«Kimdir masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi kerak». Chirchiqlik oila ogʻir avtotexnika ishtirokidagi YTHda vayron boʻlgan uyi uchun yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilmoqda

10 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Sadriddin Ayniy koʻchasida ikkita kombaynni olib ketayotgan yuk mashinasidan yarim tirkama ajralib ketdi. U yoʻl boʻylab pastga qarab dumalab ketgan va keksa er-xotin Gulbi Turdiqulova hamda Abduvali Berdibekovlarning shaxsiy xonadoniga borib urilgan. Yarim tirkama gʻishtli devor, devorlar va tomning bir qismini vayron qilgan, ichki pardozlash ishlari, mulk va gaz quvuriga zarar yetkazgan.

Shahar hokimligi maʼlumotlariga koʻra, hodisa holatlari Chirchiq shahar yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi tomonidan oʻrganilmoqda. IIV xabar qilishicha, tekshiruvni shahar IIB olib bormoqda. Bir oy oʻtdi, ammo oila haligacha yetkazilgan zararning rasmiy bahosini olmagan va sodir boʻlgan voqea uchun kim javobgar deb topilganini bilmaydi. Gaz taʼminoti haligacha tiklanmagan, xonadon egalari esa uyni taʼmirlashni oʻz kuchlari bilan boshlab yuborishgan.

Gulbi Turdiqulova va Abduvali Berdibekov 1986 yilda Chirchiq shahridagi 8 Mart tor koʻchasidagi 5/1-sonli bir qavatli uyga koʻchib oʻtishgan. Bu yerda ularning farzandlari ulgʻayib, keyinchalik oila qurib, alohida ajralib ketishgan. Er-xotin ikki kishi yashab qolishgan.

Uyning bir tomoni yoʻlning qatnov qismiga qaragan. Oila koʻchaning bu qismini xavfli deb hisoblaydi. Yoʻl nishablik boʻylab ketadi va uylar yonida buriladi. Gulbi Turdiqulovaning eslashicha, ilgari ham bu yerda yuk mashinalari boshqaruvni yoʻqotib, toʻsiqlarga urilgan va qoʻshni uylarga xavf tugʻdirgan.

«Bizning koʻchamiz juda xavfli, bu yerda burilishlar koʻp. Mashinalar bir necha bor qoʻshni uylarning devorlariga borib urilgan va hokimiyat tomonidan yoʻl yoqasiga oʻrnatilgan himoya toʻsiqlarini urib yuborgan. ZIL yuk mashinalari ham yoʻldan chiqib ketib, uylarga urilishiga sal qolgan. Biz bu haqda IIB xodimlariga aytganmiz, lekin ular faqat kelib, qarab, ketishardi. Oʻshanda hammasini videoga omaganimga afsuslanaman — hozir bu kabi holatlar bu yerda ilgari ham sodir boʻlganini koʻrsatishim mumkin edi», — deydi Gulbi Turdiqulova.

10 sentyabr kuni soat uchlar atrofida ayol namoz oʻqib, bozorga ketgan. Uning eri uyda qolgan. Odatda bu vaqtda u koʻcha tomonda joylashgan mehmonxonada hordiq chiqarardi. Ammo oʻsha kuni Abduvali Berdibekov avval oshxonada ovqatlanish uchun oʻtirgan, soʻng mehmonxonaga oʻtib, biroz yonboshlamoqchi boʻlgan.

«Biz deyarli butun vaqtimizni mehmonxonada oʻtkazamiz. Baxtimizga, oʻsha kuni men bozorga ketgandim, erim esa hali dam olish uchun yotgani ulgurmagan edi. Xudo bizni asradi», — deydi ayol.

Taxminan soat 15:30 da Abduvali Berdibekov kuchli zarba ovozini eshitgan. U mehmonxona eshigini ochishga harakat qilgan, ammo u ochilmagan: zarbadan konstruktsiyalar siljib, oʻtish joyi toʻsilib qolgan edi. Uydan chiqqan erkak koʻchada gʻishtli toʻsiqni vayron qilib, uyga borib urilgan, ikkita paxta terish kombayni boʻlgan yarim tirkamani koʻrgan. Er-xotinning soʻzlariga koʻra, platformada ikkita kombayn boʻlgan. Ulardan biri hodisadan soʻng olingan fotosuratda koʻrinadi.

Sodir boʻlgan voqea haqida Gulbi Turdiqulovaga soat toʻrtlar atrofida xabar berishgan. U bozordan qaytib kelganida, uy allaqachon vayron boʻlgan, kombaynlar esa hovlida turgan edi.

«Buni koʻrish juda vahimali edi. Hamma atrofda nimadir qilardi, turli xizmatlar kelishdi, lekin men shok holatida edim va aynan kim kelganini, qanday hujjatlar tuzayotganini tushunmasdim. Men va erim uchun bu katta zarba boʻldi. Qon bosimim koʻtarilib ketdi va kelgan tibbiyot xodimlari menga ukol qilishdi. Erimning ham qon bosimi odatdagidan yuqori edi», — deydi ayol.

Keyinroq ichki ishlar organlari, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, FVV, gaz taʼminoti tashkiloti xodimlari va tibbiyot xodimlari yetib kelishgan.

Oilaning taxminiga koʻra, yarim tirkamali shatakchi Sadriddin Ayniy koʻchasi boʻylab yuqoriga koʻtarilayotgan boʻlgan. Burilishda mashina yengil avtomobil bilan toʻqnashib ketgan. Zarbadan shatakka olish moslamasi shikastlangan va yarim tirkama nishablik boʻylab orqaga qarab dumalab ketgan.

«Yarim tirkama juda uzun edi — 20 metr atrofida. Ikkita kombayn bilan birga, mening hisob-kitoblarimga koʻra, 50−60 tonna vaznga ega edi. Keyinchalik bilishimcha, yuk mashinasi burilayotganda, unga qarama-qarshi yoʻnalishda yengil avtomobil chiqib qolgan. Zarba yuz bergan, haydovchi oʻngga olgan va ushlagich bardosh bera olmagan. Tirkama ajralib ketib, pastlikka qarab orqaga dumalagan. Avvaliga u qoʻshnimiz Tohirning uyiga tegib oʻtgan, soʻng bordyurni kesib oʻtib, himoya konstruktsiyalarini vayron qilgan va bizning uyga borib urilgan», — deydi Berdibekov.

Er-xotinning oʻzlari avariya lahzasini koʻrishmagan va voqealar rivojini guvohlarning soʻzlaridan tiklashgan. Rasmiy organlar hozircha yengil avtomobil bilan ehtimoliy toʻqnashuvni tasdiqlashgani yoʻq. IIV faqat yarim tirkama texnik sabablarga koʻra ajralib ketganini xabar qildi.

«Ushbu hududda yuk avtomobillari harakatini taqiqlovchi belgi, shuningdek, 12 foizli nishablik haqida ogohlantiruvchi belgi oʻrnatilgan. Demak, bunday mashinalarga bu yoʻlda yurish mumkin emas. Bundan tashqari, bu yirik gabaritli yuk. Men tushunishimcha, bunday tashish kuzatuv ostida amalga oshirilishi, yoʻnalish esa oldindan tekshirilishi kerak», — deb tushuntiradi Gulbi Turdiqulova.

Kombaynlar boʻlgan yarim tirkama. Fotosurat avariya kuni oila tomonidan olingan.

Avariya oqibatlarini bartaraf etish bir necha soat davom etdi. Abduvali Berdibekovning soʻzlariga koʻra, avval yarim tirkamadan bir kombayn, soʻng ikkinchisi tushirib olingan. Shundan soʻng ishchilar yarim tirkamaning oʻzini tortib olishga harakat qilishgan, ammo bir kranning quvvati yetmagan va qoʻshimcha texnika olib kelishga majbur boʻlishgan. Ishlar taxminan yarim kechagacha davom etgan.

«Nihoyat barcha texnika olib chiqib ketilgach, hokimiyat, gaz xizmati va militsiya vakillari uyimiz oldida yigʻilishdi. Ular ertaga soat onda bu yerda yana uchrashishlarini, keyinchalik nima qilishni hal qilishlarini aytishdi. Ertasi kuni biz ularni kutdik, lekin hech kim [hokimiyat vakillaridan] kelmadi», — deydi erkak.

Texnika hovlini tark etgach, er-xotin yetkazilgan zararni toʻliq baholay olishdi. Zarbadan mehmonxonaning tashqi devorining bir qismi ulab tushgan, shift va tom zarar koʻrgan, derazalar singan. Xonadagi mebellar va maishiy texnikalar yaroqsiz holga kelgan. Tirkama devor boʻylab oʻtgan gaz quvuri va hisoblagichga ham zarar yetkazgan.

Chirchiq orqali tashilayotgan kombaynlar 2021 yil 21 martdan AgroTech Klaster brendi ostida faoliyat yuritayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalari davlat ishlab chiqaruvchisi — «Toshkent traktor zavodi» MCHJ uchun moʻljallangan edi. Korxona Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini shakllantirish doirasida tashkil etilgan. Zavodda traktorlar, gʻolla yigʻish va paxta terish kombaynlari ishlab chiqariladi.

Bosh direktor Ulugʻbek Matkarimovning soʻzlariga koʻra, korxona tashishni tashkillashtirmagan, transport kompaniyasini tanlamagan va haydovchini yollamagan. Bu majburiyatlar Xitoy yetkazib beruvchisi — Xinjiang Boshiran Intelligent Agricultural Machinery kompaniyasi zimmasida boʻlgan.

«Shartnomaga koʻra, Xitoy kompaniyasi kombaynlarni zavodimiz hududigacha yetkazib berishi kerak edi. Haydovchilar va transportni u yollashgan. Yuk mashinasi bizniki emas edi, haydovchi bizda ishlamasdi. Bizning korxona texnikani qabul qilib oluvchi sifatida qatnashgan, yetkazib beruvchi esa yetkazib berish uchun javobgar edi», — dedi Matkarimov.

Tahririyatga taqdim etilgan maʼlumotnomada zavod Xitoyning Xinjiang Boshiran Intelligent Agricultural Machinery kompaniyasi bilan 2026 yil 9 iyundagi kontraktiga havola keltiradi. Korxona maʼlumotlariga koʻra, tomonlar «Inkoterms-2020» qoidalari boʻyicha CIP — Chirchiq shartlarida yetkazib berishga kelishib olishgan, Xinjiang Boshiran esa tashuvchini tanlashi, u bilan shartnoma tuzishi hamda tashish va sugʻurtani toʻlashi kerak edi.

Matkarimov logistika kompaniyasining nomini bilmasligini aytdi, chunki zavod u bilan shartnoma tuzmagan. Tahririyatga shatakchi va yarim tirkama kimga tegishli ekani va haydovchi qaysi kompaniyada ishlagani haqida ham xabar berilmadi. U bilan bogʻlanishning imkoni boʻlmadi.

Korxona, shuningdek, 12 sentyabrdagi dalolatnomani taqdim etdi. U zavod, mahalla, shahar hokimligi va ichki ishlar organlari vakillari tomonidan tuzilgan. Hujjatda aytilishicha, kombaynlarni Xinjiang Boshiran tomonidan jalb qilingan logistika kompaniyasi tashigan va u yetkazilgan zararni toʻliq qoplashi kerak.

Oʻz navbatida, Xitoy yetkazib beruvchisi zavodga xat yuborib, unda hodisa oqibatlarini oʻz hisobidan hal qilishga tayyorligini bildirgan. Biroq hujjat asosan kombaynning shikastlanishi, uni diagnostika qilish va taʼmirlashga tegishli. Xatda jabrlangan uy egalarining ism-shariflari koʻrsatilmagan, kompensatsiya miqdori va muddatlari, shuningdek, uni olish tartibi koʻrsatilmagan.

Hodisa sodir boʻlgan kunning ertasiga uy egalari bilan AgroTech Klaster bosh direktori va uning oʻrinbosari uchrashishgan.

Gulbi Turdiqulovaning soʻzlariga koʻra, ular taʼmirlashda yordam berishga vaʼda berishgan. Biroq ayol avval uyni koʻzdan kechirishni, zararni baholashni va korxona majburiyatlarini yozma ravishda mustahkamlashni soʻragan. U busiz quruvchilar boshqa konstruktsiyalarni tekshirmasdan, faqat devor va tomning koʻrinadigan shikastlanishlarini bartaraf etishlaridan xavotirda edi.

«Men uyga qarab, shunchaki yamab qoʻyish mumkin emasligini aytdim. Vakillardan biridan soʻradim: „Oʻzingiz shunday uyda yashagan boʻlarmidingiz?“ Bunday zarbadan soʻng uni tekshirish, shikastlangan qismini buzib, qaytadan tiklash kerak. Men ikkita variantni taklif qildim: yoki ular vayron boʻlgan uy oʻrniga kichik bir xona qurib berishsin, yoki komissiya taklif qilib, barcha zararni baholashsin va ushbu summani toʻlashsin, toki biz oʻzimiz hammasini sifatli qilaylik», — deydi Turdiqulova.

Abduvali Berdibekov ham korxona aynan qanday ishlarni bajarishga tayyorligini va ularning sifatiga kim javob berishini aniqlashtirmasdan, faqat «qoʻlidan kelgancha yordam» taklif qilganini aytadi. Oila qayta tiklash hajmi va muddatlari qayd etiladigan hujjat rasmiylashtirishni soʻragan.

«Ular qoʻllaridan kelganicha yordam berishlarini aytishdi. Lekin „qoʻllaridan kelganicha“ degani nimani anglatadi? Biz ular qanday materiallar olib kelishini, ish sifati qanday boʻlishini va aynan nimani tiklamoqchi ekanliklarini bilmasdik. Agar ular tezda bir nechta gʻisht qoʻyib, tomni koʻtarib ketishsa-yu, keyin zilzila sodir boʻlsa yoki yana shift ulab tushsa, kim javob beradi? Shuning uchun biz hammasi qonuniy boʻlishini soʻradik. Agar ular taʼmirlash bilan shugʻullanishni xohlashmasa, qiymatini toʻlab berishsin, biz oʻzimiz ustolarni yollaymiz», — deydi Abduvali Berdibekov.

Er-xotinning soʻzlariga koʻra, pul kompensatsiyasi haqida gap ketgan, ammo korxona vakillari oilaga pul topshirishga rozi boʻlishmagan. Gulbi Turdiqulova xonadon egalari uyni qayta tiklashdan umuman voz kechmaganini — ular ish hajmini tushunishni va taʼmirlashdan soʻng bino xavfsiz boʻlib qolishiga kafolat olishni istashganini taʼkidlaydi.

Korxona vakillari uchrashuvni boshqacha tasvirlashmoqda. Ulugʻbek Matkarimov «Gazeta»ga korxonaning uyni qayta tiklash boʻyicha huquqiy majburiyati boʻlmaganini, chunki tashishni boshqa kompaniya tashkil etganini aytdi. Shunga qaramay, zavod, uning soʻzlariga koʻra, «odamiylik yuzasidan» yordam taklif qilgan.

«Biz uy egalarining oldiga bordik va ularga qanday yordam kerakligini soʻradik: taʼmirlashmi, huquqiy maslahatmi yoki boshqa narsami. Bu bizning majburiyatimiz boʻlmasa-da, biz shikastlangan qismlarni tiklashni taklif qildik. Keksa odamlar, men tushunishimcha, rozi edilar, lekin oʻsha yerda boʻlgan yosh ayol hech narsa qilmasligimizni aytdi. U oilaning advokati borligini va masalani logistika kompaniyasi bilan hal qilishlarini tushuntirdi. Biz bu haqda tekshiruv oʻtkazgan organlarga ham xabar berdik», — dedi Matkarimov.

Oʻz pozitsiyasini tasdiqlash uchun korxona 12 sentyabrda tuzilgan va zavod, mahalla, hokimiyat hamda ichki ishlar organlari vakillari tomonidan imzolangan dalolatnomani taqdim etdi. Unda aytilishicha, zavod uyning shikastlangan qismini taʼmirlashga yordam berishni taklif qilgan, ammo uy egalarining qarindoshi Jazira Bayquatova advokat bilan maslahatlashguncha ishlarni boshlamaslikni soʻragan va zarur hollarda korxona bilan bogʻlanishga vaʼda bergan.

U ham, uy egalari ham dalolatnomaga imzo chekishmagan, shu sababli hujjat faqat uni tuzganlarning pozitsiyasini aks ettiradi va oila taʼmirlash yoki kompensatsiyadan uzil-kesil voz kechganini tasdiqlamaydi. Er-xotin oʻsha kuni zavod vakillari bilan ularning oʻgʻli va kelini muloqot qilganini, ular jabrlangan oilaning pozitsiyasini — ish hajmi va uyning xavfsizligi aniqlanmaguncha ishlarni boshlamaslikni bildirishganini qayd etishdi.

Korxona vakillari bilan uyni tiklash tartibi boʻyicha kelisha olmagan oila yordam soʻrab advokatga murojaat qildi. Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspektsiyasiga alohida murojaat yuborildi. Aniq qaror olomagach, 23 sentyabr kuni oila Prezidentning Virtual qabulxonasiga yozdi.

«Biz advokat yollashga majbur boʻldik, chunki oʻzimiz barcha qonunlarni bilmaymiz va turli tashkilotlarga bora olmaymiz. Biz faqat bir narsani soʻradik: hammasi qonuniy boʻlsin. Komissiya kelsin, uyni koʻzdan kechirsin, zararni hisoblasin va kim uni qoplashi kerakligini aytsin. Bizga birovning narsasi kerak emas, biz vayron boʻlgan narsani tiklashni xohlaymiz. Ammo hozirgacha hech qanday natija yoʻq», — deydi Gulbi Turdiqulova.

Chirchiq shahar hokimligi «Gazeta»ga oilaning murojaatini olganini tasdiqladi. Uni shahar uy-joy va qurilish xoʻjaligi boʻlimi koʻrib chiqdi. YTH sabablarini shahar yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi aniqlamoqda, u shuningdek, hodisa holatlariga huquqiy baho berishi kerak.

Biroq hokimiyat oila soʻragan idoralararo komissiya tuzilgan-tuzilmaganini maʼlum qilmadi, demak, devorlar, tom va boshqa konstruktsiyalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha maʼlumotlar ham yoʻq.

Maʼmuriyatdan taʼkidlanishicha, moddiy zarar miqdori va uni qoplash tartibi hodisaga huquqiy baho berilgandan soʻng vakolatli organlar tomonidan aniqlanishi kerak. Shu bilan birga, bunday baholashni oʻtkazishi shart boʻlgan aniq tashkilot javobda koʻrsatilmagan.

«Hozirda uy egalari YTH natijasida zarar koʻrgan uyning qismini taʼmirlamoqdalar. Tom toʻliq profnastil bilan almashtirildi, qurilish va taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Agar mutaxassislar konstruktsiyalarning holati fuqarolar xavfsizligiga tahdid solayotganini aniqlasalar, vakolatli tashkilotlar zarur choralarni koʻradilar», — deyiladi hokimiyat javobida.

Gaz taʼminoti masalasi ham hal etilmagan. Hokimiyat YTH natijasida uyning gaz infratuzilmasi shikastlanganini tasdiqladi. Maʼmuriyat tiklash gaz taʼminoti tashkilotining vakolatiga kirishini va tarmoqning texnik holati tekshirilgandan soʻng amalga oshirilishi mumkinligini koʻrsatib oʻtdi. Mutaxassislar qachon bunday tekshiruvni oʻtkazishi va gaz uzatishni qayta tiklashi javobda aytilmagan. Oilaning soʻzlariga koʻra, uyda 10 sentyabrdan beri gaz yoʻq.

YTH holatlarini Chirchiq shahar IIB oʻrganmoqda. IIV «Gazeta» soʻroviga bergan javobida tekshiruv Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 133-moddasi boʻyicha olib borilayotganini xabar qildi. U haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalarini buzish yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi uchun javobgarlikni nazarda tutadi.

IIV xabarida, shuningdek, uyga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi aytiladi. Biroq kompensatsiyani aynan kim toʻlashi kerakligi, ularning miqdori qanday aniqlanishi va jabrlanganlar qanday harakatlarni amalga oshirishi kerakligi javobda tushuntirilmagan.

Hozirgi vaqtda idoralarning hech biri uy egalariga ularning murojaatlarini koʻrib chiqishning aniq natijalari haqida xabar bermagan. Oktyabr oyi boshidan beri korxona vakillari bilan yangi uchrashuvlar boʻlmagan.

«Hodisadan soʻng turli xizmatlar kelishdi, hamma nimadir yozib, koʻzdan kechirdi. Biz keyinchalik bizga hujjatlar berishadi va keyin nima qilishni tushuntirishadi, deb oʻylagandik. Lekin hozirgacha bizda yetkazilgan zararning rasmiy bahosi ham, uyning holati toʻgʻrisida xulosa ham yoʻq. Hamma masala oʻrganilayotganini aytmoqda, biz esa uyning vayron boʻlgan qismini qanday yopishni oʻzimiz hal qilishimizga toʻgʻri kelmoqda», — deydi Abduvali Berdibekov.

Zararning baholanishini va qayta tiklash ishlari boshlanishini kutmasdan, oila shikastlangan konstruktsiyalarni oʻzi buzishga majbur boʻldi. Egalari tomni qismlarga ajratib olishdi va endi vayron boʻlgan xonaning devorini qaytadan qurmoqdalar.

«Yomgʻirlar mavsumi boshlanmoqda, kunlar sovib bormoqda, xotinim ikkalamiz esa bu uyda yolgʻiz qolganmiz. Boshqa kuta olmasdik, shuning uchun taʼmirlashni oʻzimiz boshladik. Uyning shikastlangan qismlarini buzib tashladik — ularni qoldirish xavfli edi. Bizga hech kim yordam bermadi», — deydi Abduvali Berdibekov.

«Bir oydan ortiq vaqt oʻtdi, lekin hodisaning dastlabki kunlaridan soʻng hech kim — mahalladan ham, hokimiyatdan ham, zavoddan ham ahvolimiz bilan qiziqmadi. goʻyo hech narsa sodir boʻlmagandek. Biz koʻp narsa soʻramayapmiz. Biz uchun asosiysi — moddiy va maʼnaviy zararimiz qoplanishi va kimdir nihoyat sodir boʻlgan voqea uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishidir», — deya qoʻshimcha qiladi Gulbi Turdiqulova.

Oila ular tomonidan boshlangan taʼmirlash voqea uchun javobgarlarga nisbatan talablardan voz kechishni anglatmasligini taʼkidlaydi. Uy egalari keyingi kutish yangi vayrongagarchiliklarga olib kelishidan xavotirda, shu sababli tekshiruv yakunlanishini kutmasdan, faqat zarur ishlarni amalga oshirishmoqda. Ular hozircha tiklash xarajatlarini hisoblab chiqishgani yoʻq.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.