Chirchiqda yuk mashinasi tirkamasi uy devoriga borib urildi (video)

Chirchiqda yuk mashinasi tirkamasi uy devoriga urildi (video)
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 10-sentyabr kuni Howo yuk mashinasining yarim tirkamasi uy devoriga borib urildi. Bu haqda viloyat IIBB ma’lum qildi.
Bildirilishicha, soat taxminan 16:00 da Sadriddin Ayniy ko‘chasida yuk mashinasining yarim tirkamasi texnik nosozlik sabab ajralib ketib, yo‘l chetidagi xonadonga urilgan.
1977-yilda tug‘ilgan haydovchi Howo rusumli yuk transport vositasini boshqarib ketayotgan paytda unga ulangan yarim tirkama chiqib ketgan. Shundan keyin tirkama yo‘l bo‘yidagi xonadonga urilib, to‘xtagan.
Hodisa tufayli avtomobil yo‘lida transport vositalari harakati vaqtincha cheklangan, harakat esa aylanma yo‘llar orqali tashkil etilgan. Voqea oqibatida fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetmagan.
Ayni paytda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari hodisa oqibatlarini bartaraf etib, avtomobillar harakatini to‘liq tiklagan. Xonadonga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
3-iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida HOWO yuk mashinasi va to‘qqizta yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergani haqida xabar berilgandi.
To‘qnashuv zarbi natijasida Nexia-1 haydovchisi yo‘lning chetki qismidagi piyodani turtib yuborgan. Jabrlangan piyodaga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

