Kim Chen Inning singlisi AQSH mashg‘ulotlariga javoban yadroviy kuchlarni oshirish bilan tahdid qildi

Kim Chen Inning singlisi AQSH mashg‘ulotlariga javoban yadroviy kuchlarni oshirish bilan tahdid qildi
AQSHning harbiy mashg‘ulotlari Shimoliy Koreyani o‘z yadroviy arsenalini kuchaytirishga undamoqda, dedi Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning singlisi, Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Kim Yo Chjon.
AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasidagi Freedom Edge nomli qo‘shma mashg‘ulotlar 7—11-sentyabr kunlari Jeju orolining sharqiy va janubiy qismida, xalqaro suvlarda o‘tkazildi. Uch tomonlama dengiz mashqlari doirasida ittifoqchilar suvusti va suvosti kemalariga qarshi operatsiyalarni mashq qildi.
“Tashqi kuchlarning milliy xavfsizligimizga tobora ortib borayotgan tahdidi bizni yadroviy salohiyatimizni doimiy va tegishli ravishda oshirishga majbur qilmoqda”, dedi Kim Chen Inning singlisi.
Uning aytishicha, KXDRning mudofaa salohiyatini mustahkamlash jarayonida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi.
Freedom Edge mashqlaridan keyin Shimoliy Koreya AQSHni mojaro qo‘zg‘ashda ayblagan edi. Pxenyan Amerikaning “urush o‘yinlari”ga javoban yanada qattiqroq choralar ko‘rishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Kim Yo Chjon, shuningdek, AQSH boshchiligidagi muntazam harbiy mashqlar Koreya yarimorolida va mintaqada vaziyat keskinlashuvining asosiy omili ekanini taʼkidladi.
Avvalroq Shimoliy Koreya artilleriya va raketa qo‘shinlari ishtirokida harbiy mashg‘ulot o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Unda Shimoliy Koreya armiyasining barcha darajadagi bo‘linmalari qatnashgan.
Ayni paytda Janubiy Koreya razvedkasi xabar berishicha, Kim Chen In KXDR harbiylarining Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilishi evaziga olingan mablag‘larni qator qurilish va qurol-yarog‘ loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirmoqda.
Seul maʼlumotlariga ko‘ra, Pxenyan so‘nggi uch yil ichida Rossiyadan qurol yetkazib berish hamda KXDR harbiylarining Kursk viloyatini ozod etishda qatnashishi evaziga pul va turli iqtisodiy imtiyozlar ko‘rinishida kamida 7,7 milliard dollar olgan. To‘lovlarning umumiy miqdori 14 milliard dollargacha yetishi mumkin.

