Layfstayl

Kesarcha kesish: zaruratmi yoki tanlov?

Bir necha yil avval homilador ayollar tugʻuruqxonaga yoʻl olganda, asosiy savol «farzandimni sogʻ-salomat dunyoga keltira olamanmi?» boʻlgan boʻlsa, bugun unga yana bir savol qoʻshilmoqda: «Tabiiy ravishda tugʻamanmi yoki kesarcha kesish amaliyoti bilanmi?» Kun.uz mazkur dolzarb mavzuga bagʻishlab koʻrsatuv tayyorladi. Unda soha mutaxassislari, shifokorlar va bu jarayonni oʻz boshidan oʻtkazgan qahramonlar ishtirokida kesarcha kesish amaliyotining koʻpayish sabablari, uning salbiy asoratlari hamda bu borada qabul qilinayotgan yangi huquqiy tartiblar muhokama qilindi.

**Kesarcha kesish: zaruratmi yoki tanlov?**

Bir necha yil oldin homilador ayollar tugʻuruqxonaga yoʻl olganda, ularning asosiy savoli «farzandimni sogʻ-salomat dunyoga keltira olamanmi?» edi. Bugun esa bu savolga yana biri qoʻshildi: «Tabiiy ravishda tugʻamanmi yoki kesarcha kesish amaliyoti bilanmi?» Kun.uz shu dolzarb mavzuga bagʻishlab koʻrsatuv tayyorladi. Unda soha mutaxassislari, shifokorlar va bu jarayonni boshidan oʻtkazgan qahramonlar ishtirokida kesarcha kesish amaliyotining koʻpayish sabablari, uning salbiy asoratlari hamda bu borada qabul qilinayotgan yangi huquqiy tartiblar muhokama qilindi.

Jamoatchilik orasida kesarcha kesishga munosabat bir xil emas. Kimdir uni tugʻuruq ogʻrigʻidan qochishning oson yoʻli deb bilsa, boshqalar operatsiya faqat tibbiy zarurat boʻlgandagina qilinishi kerak, degan fikrda. Soʻrovnomada qatnashgan ayollar ham bu masalada turlicha qarash bildirdi. Ayrimlar kesarcha kesishni ayollarning tugʻuruq ogʻrigʻiga chidamasligi va yengilroq yoʻlni tanlashi bilan bogʻladi. Boshqalar esa operatsiyaning oʻziga xos qiyinchiliklari borligini, biroq tibbiy zarurat tugʻilganda uning ahamiyati beqiyos ekanini taʼkidladi.

«Endi, albatta, tabiiy tugʻgan yaxshi deb oʻylayman, bekorga Xudoyim shunaqa yaratmagan. Tabiiy tugʻgan baribir yaxshi. Lekin operatsiya baribir operatsiya. Shunchaki dardga chidamasdan koʻpchilik hozir kesarchani tanlayapti. Dardga chidamaslik, keyin hozir judayam nozik-da, koʻpchilik, baquvvat emas baribir. Shuning uchun kesarchani tanlashyapti, kuchi yetmaydi», - dedi soʻrovnomada ishtirok etgan ayollardan biri.

Kesarcha kesish amaliyotiga murojaatlar soni soʻnggi yillarda ortib bormoqda. Bunga zamonaviy diagnostika usullarining rivojlanishi, homila va onadagi ayrim holatlarni erta aniqlash imkoniyati, shuningdek, EKO orqali homiladorliklar koʻpayishi kabi omillar taʼsir qilmoqda. Oʻzbekistonda ham bu koʻrsatkich yil sayin oshgan: 2023-yilda kesarcha kesish amaliyotlari respublika boʻyicha 20–21 foizni tashkil etgan boʻlsa, keyingi yillarda 24–26 foizgacha koʻtarilgan. 2025-yil yakuniga kelib esa bu koʻrsatkich 27–28 foiz atrofida boʻlgan.

Yulduz Eshonova kesarcha kesish faqat tibbiy emas, balki ijtimoiy tus olib, ayollarning tugʻuruq ogʻrigʻidan qoʻrqib, oʻz xohishi bilan operatsiyani talab qilayotganini aytdi. U mamlakatdagi raqamlar jahon standartlariga nisbatan pastroq boʻlsa-da, yil sayin oshib borayotganini taʼkidladi.

«Mana, Turkiya davlatida, diagnostikani bilasiz, ularda kesarcha kesish amaliyoti 62 foizni tashkil qiladi. Yevropa mamlakatlarida 42 foiz. 2025-yilning oxiriga kelib esa bu respublikamizdagi umumiy koʻrsatkichimiz 27–28 foizni tashkil etadi. 1985-yilda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti “10 foizdan 15 foizgacha qilinglar” degan boʻlsa, 2015-yilda “Yoʻq, muassasalar, toʻxtang, biz jarrohlik amaliyotini foiz miqdorida emas, uning oʻtkazilish sifati, qaysi darajada, kimga toʻgʻri amalga oshirilayotganiga qarab baho berishimiz kerak, buning sabablarini aniqlashimiz kerak va shu sabablarini kerakli yoʻnalishda kamaytirishga harakat qilishimiz kerak”, degan tendensiyani oldinga surib chiqdi», - deydi u.

Tugʻuruq jarayonlaridagi sogʻlom yondashuvlar va shifokorlar masʼuliyati haqida gap ketganda, bu jarayonning inson taqdiridagi ogʻir asoratlarini boshdan kechirgan qahramonning hikoyasi barchani oʻylantirib qoʻyishi tabiiy. Operatsiyani «oson yoʻl» deb biladiganlar koʻp, biroq uning ortida shifokorlar xatosi va tibbiy masʼuliyatsizlik sabab yuzaga keladigan achchiq haqiqatlar ham bor. Koʻrsatuvda qatnashgan qahramon oʻzi boshidan kechirgan ogʻir damlar va ichida qolgan fobiyani shunday eslaydi:

«Undan yomoni - koʻzim koʻrmay qolgan. Eng yomon tomoni shu. Keyin bir kun davomida shu yorugʻ olamni koʻrmaganman. Anesteziologning xatosi bilan menda narkozni koʻp berib yuborishgan ekan, yaʼni dozasini koʻpaytirib yuborishgan ekan, shuning oqibatida egizak farzandlarim onaning mehridan qarovsiz qolib ketishgan. Koʻnglimda ogʻriq qolib ketgan va koʻzim koʻrmay qolgani hisobiga kesarcha kesish degan amaliyotni eshitsam, menda fobiya yana paydo boʻlaveradi. Chunki kesarcha kesish - bu men uchun bu dunyoni koʻrmaslik bilan teng. Haqiqatan bir sutka koʻzim koʻrmagan va yana menga qoʻshimchasiga anesteziolog kelib, blokada qilib, meni tinchlantirib, sakkiz soat uxlatishgan va oʻshandan keyin sal xira-xira koʻzim koʻrishni boshlab, keyin yaxshi koʻrib ketganman», - deydi afsus bilan qahramon.

Shifokorlar operatsiya faqat tibbiy koʻrsatma asosida qilinishi kerakligini taʼkidlasa-da, ayrim ayollarning oʻz xohishi bilan turib olishi ham muammo ekanini koʻrsatadi. Baʼzi holatlarda ayollar shifokorlarning toʻgʻri tushuntirishi bilan fikridan qaytib, tabiiy tugʻuruqdan soʻng xursand boʻlib ketishini, biroq talabi bajarilmaganda arazlab ketishini ham shifokorlar aytishdi:

«Amaliyotda koʻpincha kesar kesish soʻrab kelgan ayollarga toʻgʻri tushuntirsak, tugʻuruqdan keyin hammasi xursand boʻlib: “Yaxshiyam oʻzimni tugʻdirdingiz”, deb aytishadi. Ular ikki soatdayoq turib yurib, bolasini bemalol koʻtaradi. Kesarevodan keyin esa qorin qavatma-qavat kesilishi hisobiga bir oylab yaxshigina ogʻriqlar boʻladi. Ayollar bu oddiy operatsiya emasligini, afsuski, faqat tugʻgandan keyingina bilishadi. Ayrim vaqtlarda qabulimizga kelgan ayollar “Kesarevo secheniye qiling meni”, deb kelishadi. Yoʻq, unda koʻrsatma yoʻq, oʻzing tugʻsang boʻladi, desa, arazlab ketib qolganlari ham bor», - deydi Respublika perinatal markazi akusher-ginekologi Dilfuza Hayitova.

Ana shunday muammolarning oldini olish va asossiz ravishda kesarcha kesishni talab qilish holatlariga chek qoʻyish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan jiddiy choralar koʻrilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirining onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha maslahatchisi Elmira Bositxonova bu borada yangi huquqiy tartiblar qabul qilinganini bildirdi:

«Biz Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda kesar kesishga boʻlgan koʻrsatmalar roʻyxatini normativ-huquqiy hujjat darajasigacha koʻtardik va bu shifokorlarga ham, ayollarimizga ham taalluqli. Agar ayol koʻrsatma boʻlmasa ham talab qiladigan boʻlsa, ana shu hujjat orqali unga koʻrsatiladi: “Kechirasiz, singiljonim, bu amaliyotni bajarish uchun sizda hech qanday koʻrsatma yoʻq”, deb va u fiziologik tugʻruq orqali oʻz farzandini dunyoga keltirishi kerak. Bugungi kunda tasdiqlangan protokollarga rioya qilmasdan, koʻrsatmasiz kesar kesish amaliyotini bajargan shifokorlarga nisbatan intizomiy jazolar qoʻllaniladi. Agar bu holat asoratlar, hatto onalar yoki goʻdaklar oʻlimiga olib keladigan boʻlsa, demak, jinoiy javobgarlikka ham tortilishi aniq», - dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.