Kaspiydagi fojiadan omon qolgan harbiy xizmatchilar uylariga qaytishdi. Video

Kaspiydagi fojiadan omon qolgan harbiy xizmatchilar uylariga qaytishdi. Video
Kaspiydagi mashgʻulotlar paytida yuz bergan fojiadan omon qolgan uch nafar harbiy xizmatchi muddatli xizmatni yakunlab, uylariga qaytishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda askarlarning yaqinlari bilan uchrashuvi aks etgan kadrlar paydo boʻldi.
Qaytganlar orasida yanaozenlik 19 yoshli Aqjol Temerxan ham bor. Fojiadan soʻng harbiy xizmatchi shifoxonaga yotqizilgan edi, yaqinda unga javob berildi. U Mangistau viloyatidan chaqirilgan va tirik qolgan yagona askar boʻldi.
Bloger Azamat Sarsenbayev Aqjol va uning ota-onasi bilan uchrashdi. Uning soʻzlariga koʻra, yigit ota-onasi bilan birga halok boʻlgan xizmatdoshlarining oilalariga taʼziya bildirish uchun ularning xonadonlariga borishni rejalashtirmoqda.
"Odatda askarlar uchun bunday maxsus kunlar shovqin-suronli quvonchli muhit, esdalik uchun birgalikda tushilgan suratlar va abadiy armiya doʻstligi bilan kechadi. Ammo bu safar emas", — deb yozdi Sarsenbayev.
Omon qolgan yana ikki harbiy xizmatchi — Atirau viloyatidan Quandiq Beket va Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatidan Nikita Udalov ham muddatli xizmatni yakunladilar.
Fojia 24 sentyabr kuni jangovar-oʻquv topshirigʻini bajarish paytida yuz bergan edi. Ob-havo sharoitining toʻsatdan yomonlashishi va kuchli shamol tufayli Kaspiy dengiziga 17 nafar harbiy xizmatchini oqizib ketgan. Ulardan oʻn toʻrt nafari, jumladan, bir nafar Qoraqalpogʻistonlik fuqaro halok boʻlgan, uch kishini qutqarib qolishga muvaffaq boʻlingan.
Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev halok boʻlgan harbiy xizmatchilarni vafotidan keyin taqdirlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Omon qolgan uch nafar harbiy "Yerlіgі үshіn" ("Jasorati uchun") medali bilan taqdirlandi.
Bundan avvalroq Toqayev Bosh shtab boshligʻi Qanish Aubakirov, vazir oʻrinbosari Almaz Jumakeyev va Harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondoni Qanat Niyazbekovni lavozimidan ozod etgan edi. Shuningdek, u Mudofaa vazirini ham isteʼfoga chiqardi.

