Iqtisodiyot

Kartadan kartaga pul oʻtkazishdagi komissiyalar: Click rahbari va banklar izohi

Markaziy bankda boʻlib oʻtgan davra suhbatida Click asoschisi banklar xarajatlarni boshqa daromadlari hisobidan qoplay olishi, toʻlov tashkilotlarining imkoniyati esa cheklanganini aytdi. U nol tariflar bilan raqobatlashishni “demping” deb baholadi. Bank vakillari esa oʻtkazmalarni alohida daromad manbayi sifatida koʻrmasligini bildirdi.

Kartadan kartaga pul oʻtkazish komissiyalari: Click rahbari va banklar izohi

Bir ilovada kartadan kartaga pul oʻtkazish bepul, boshqasida esa maʼlum limitgacha komissiya olinmaydi, yana birida har bir oʻtkazma uchun haq undiriladi. Koʻrinishidan bir xil boʻlgan xizmatga nega turlicha tarif qoʻyiladi? Bepul oʻtkazmaning xarajatini kim qoplaydi?

“Nol komissiya - xarajat yoʻq degani emas”

Click asoschisi va rahbari Ulugʻbek Rustamovning aytishicha, kartadan kartaga pul oʻtkazishda bir nechta tomon - bank, protsessing tizimi va toʻlov tashkiloti xizmat koʻrsatadi. Mijoz toʻlaydigan komissiya ana shu zanjirdagi toʻlovlar hamda xizmatni taʼminlash xarajatlari bilan bogʻliq. Mijoz uchun bepul oʻtkazma taklif qilayotgan tashkilot bu xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.

“Har bitta P2P boʻlganda protsessing tizimi bor, bank bor va toʻlov tashkiloti bor. Bularning hammasining komissiyalari yigʻindisi hozir shu komissiyani tashkil qiladi. Bundan tashqari, koʻp tashkilotlar yoki banklar bu komissiyani oʻz hisobidan qoplab berishi mumkin. Kimdir nol komissiya beryapti degani - bu shunchaki topayotgan foydasidan voz kechyapti degani emas. Koʻplar buni marketing xarajatlari deb hisoblaydi”, - dedi Rustamov.

U banklar bilan toʻlov tashkilotlarining daromad olish imkoniyatlari bir-biridan farq qilishini taʼkidladi. Bank mijoz bilan munosabatdan tashqari boshqa yoʻnalishlarda ham daromad olishi, shu hisobidan oʻtkazmani bepul qilishi mumkin. Click esa kartadan kartaga oʻtkazmalarda komissiyaga koʻproq bogʻliqligini bildirdi.

“Biz toʻlov tashkilotimiz. Toʻlov tashkiloti juda past marjali, juda kichkina komissiyada ishlaydigan kompaniya hisoblanadi. Bizda mana shu komissiyadan boshqa topadigan pulimiz yoʻq. Yaʼni, agar biz kimgadir kredit berganimizda yoki mijozlarning turgan pulini aylantirib, boshqa narsa qilganimizda, balki bu komissiyani [qoplashning] iloji boʻlardi”, - dedi u.

Rustamov banklar mijozlarning kartadagi mablagʻlarini resurs sifatida ishlata olishini bepul oʻtkazmalarni moliyalashtirish imkoniyatlaridan biri sifatida keltirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bankning maqsadi faqat bitta oʻtkazmadan daromad olish bilan cheklanmaydi: mijoz uning kartasidan foydalanishi va pulini shu bankda saqlashi ham foyda keltiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.