“Karimov meni surgun qilgan” — O‘zbekistonning AQSHdagi birinchi elchisi

“Karimov meni surgun qilgan” — O‘zbekistonning AQSHdagi birinchi elchisi
O‘zSSR Oliy sudi raisi, mustaqil O‘zbekistonning birinchi adliya vaziri va mamlakatning AQSHdagi birinchi elchisi bo‘lib ishlagan Muhammadbobur Malikov taniqli jurnalist Ismat Hushevga bergan intervyusida AQSHga qanday kelib qolgani hamda siyosiy boshpana olgani haqida gapirib berdi.
Malikovning aytishicha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov uning lavozimlarini asta-sekin pasaytirib borgan.
“Karimov sekin-sekin meni o‘rnimni pasaytirib kelaverdi. Meni elchi qilib yuborganmi? Yo‘q, meni surgun qilgan. Elchixona yo‘q, elchixonada ishlaydigan odam yo‘q, hatto haydovchi ham yo‘q edi. Birinchi oylarim elchixonaga bino qidirish, uy qidirish bilan o‘tdi. Nima uchun bunday bo‘ldi? Sabab men Yo‘ldosh Oxunboboyevning nevarasi bo‘lganim uchun . Asosiy maqsad Oxunboboyev nomini yo‘q qilish. Buni yo‘q qilish uchun meni qora loyga tiqish, yer bilan yakson qilish”, deydi Muhammadbobur Malikov.
1991–1993-yillarda adliya vaziri bo‘lgan Muhammadbobur Malikov 1948-yil 2-sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U ona tomondan — Xayriniso aya orqali — Yo‘ldosh Oxunboboyevning nabirasi hisoblanadi.
“Men iyun oyida Klintonga yorlig‘imni topshirganman. O‘zbekistonda bu masala bo‘yicha ‘g‘ing’ degan ovoz chiqmagan, xuddi hech narsa bo‘lmagandek. Shundan xulosa qilish kerakki, maqsad — sekin-sekin meni yer bilan yakson qilish”, deydi u.
“Xudoga ming qadar shukrki, shunaqa oilada o‘sganmanki, biz boshqa mulkka, pulga nazar tashlamaganmiz, qo‘limizni harom qilmaganmiz. Men, kelinoyingiz va ikkita qizim nohaq pulni olishga hech urinmaganmiz. Bu pullarga men xo‘jayin emas edim, yordamchim, o‘rinbosarim — ular, o‘sha pulga xo‘jayin edi”.
Sobiq elchining so‘zlariga ko‘ra, u lavozimga tayinlanganidan yarim yil o‘tmay, Islom Karimov AQSHga kelib, odamlar bilan uchrashgan. Ammo O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi sifatida ishlayotgan Muhammadbobur Malikovni esa umuman nazar-pisand qilmagan.
“Keyin menga aytishdiki, samolyotda uchib ketayotganda rosa baqirib, men haqimda har qanaqa gaplar gapirgan ekan. Boriboq meni elchilik lavozimidan olgan. O‘sha vaqtda ‘Goskontrol’ raisi Mirahad Mirqosimov edi, meni unga o‘rinbosar qilib tayinlashgan. Meni chaqirtirishgan [Toshkentga — tahr.], bordim…”, deya eslaydi Malikov.
Sobiq amaldor AQSHdan O‘zbekistonga ketishidan oldin rafiqasiga “Kel desam, kelasan. Gapni burib gapirsam, kutasan”, deya ogohlantirib qo‘ygan.
O‘zbekistonga qaytib kelgan Muhammadbobur Malikov “Goskontrol” raisining oldiga kirib, bir haftaga dam olish uchun ruxsat so‘raydi. Shu kuni kechasi Goga Xidoyatovning ikkita qizidan iltimos qilib, aeroportga yetib oladi va u yerdan Samaraga uchib ketadi.
“U yerda kechasi bilan sovuq joyda turgan edim, ikkita buyrag‘imni shamollatib qo‘ydim. Lekin ertalab Moskvaga yetib bordim . Mehmonxonaga joylashdim. Oktyabr oylari edi. Yelsin Oq uyga hujum qilgan vaqtlar…”, deydi Malikov.
Sobiq elchi Moskvada tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib, ular yordamida AQSHga uchadigan chipta oladi.
“Shunday qilib, Sovet ittifoqidan keyin siyosiy boshpana so‘ragan birinchi yuqori lavozimli amaldor men bo‘ldim… Avazxon Muxtorov aytgandiki, tog‘am Karimberdi Oxunboboyev kasal edi, uni ko‘rgani kelishimni taxmin qilishib, militsiya xodimlari orqali qo‘lga olmoqchi bo‘lishgan ekan”, deydi Muhammadbobur Malikov.

