Islom Karimov tug‘ilgan uy, o‘qigan maktab va qabridan reportaj
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotiga 10 yil to‘ldi. Gazeta sana munosabati bilan Samarqandda bo‘lib, u tug‘ilib-o‘sgan xonadon, oltin medal bilan bitirgan maktabi hamda 'Hazrati Xizr'dagi maqbarasidan reportaj tayyorladi va zamondoshlarining xotiralarini tingladi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotiga o‘n yil to‘ldi. Shu munosabat bilan, gazeta Samarqandda bo‘lib, uning tug‘ilgan uyi, o‘qigan maktabi va dafn etilgan maqbarasidan reportaj tayyorladi. Shuningdek, aholidan birinchi prezident bilan bog‘liq xotiralarini so‘radi.
**Islom Karimovning tug‘ilgan uyi**
Registon maydonidan 1-2 kilometr uzoqlikda, Bibixonim ko‘chasidagi 124-uyda Islom Karimov tug‘ilib, bolalik va o‘smirlik yillarini o‘tkazgan. Bu xonadonda uning ota-onasi bir qiz va yetti o‘g‘il farzandi bilan yashagan. 2009-yilgacha bu yerda Islom Karimovning ukasi Xurshid Karimov istiqomat qilgan, u vafot etgach, 2017-yilgacha akasi Omonullo Karimovning farzand va nabiralari yashagan.
Mahallada 70 yildan beri yashovchi Azizxon Mahmudov Karimovlar oilasini bolaligidan yaxshi bilishini aytadi. U Islom Karimovni shaxsan taniganini va oxirgi marta 2016-yilda u kelganida kutib olib, ko‘rishganini eslaydi.
Karimov vafotidan so‘ng, xonadon uy-muzeyga aylantirilib, 2017-yil mart oyidan tashrif buyuruvchilar uchun ochilgan. Bugungi kunda ham Islom Karimovning tug‘ilib-o‘sgan xonadoni va u tahsil olgan joylarga qiziqish katta. Har kuni O‘zbekistonning turli hududlaridan, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan o‘rtacha 200-300 nafarga yaqin mehmon keladi. Bahor va yoz oylarida ularning soni yanada ortadi. Tashrif buyuruvchilar Qur’on tilovat qilib, duo o‘qib ketishadi va maxsus daftarga o‘z taassurotlarini yozib qoldirishadi. Bu daftar 2022-yil oktabridan buyon mehmonlarning fikrlarini jamlab kelmoqda.
Azizxon Mahmudovning xotirasida Karimovlar oilasining kundalik hayoti bilan bog‘liq tafsilotlar saqlanib qolgan. Uning aytishicha, Islom Karimovning onasi Sanobar aya farzandlarini shu hovlida katta qilgan. "Uy darvozasidan chiqishda ro‘parada hovuz bo‘lardi, uning oldiga onalari chiqib o‘tirardi. Oiladagi farzandlarning hammasi o‘qimishli, oliy ma’lumotli bo‘lgan. Juda ham tinch, hurmat-e’tiborga sazovor oila edi", – deydi u.
Uning xotirasida birinchi prezidentning so‘nggi tashrifi va dafn marosimi ham alohida o‘rin egallaydi. Unga ko‘ra, 2016-yilda Islom Karimov vafot etganidan so‘ng jasadi shu xonadonga olib kelingan. Janozaga tayyorlash bilan bog‘liq barcha jarayonlar shu yerda amalga oshirilgan. Azizxon Mahmudov o‘sha kunni motam tutgan odamlar va gullarga to‘lgan ko‘chalar bilan eslaydi. Uning aytishicha, Toshkentdan keltirilgan gullardan tashqari, Samarqandda undan ham ko‘proq gullar jamlangan va odamlar birinchi prezidentni yig‘lab kuzatgan.
Qo‘shni xonadonda yashovchi Karim Rahimberdiyevning aytishicha, Islom Karimovning qarindoshlari, jiyanlari, nabiralari va turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova bu xonadonga tez-tez kelib turadi. Rahimberdiyevning o‘zi ham shu mahallada tug‘ilib, katta bo‘lgan. U qo‘shnisi O‘zbekiston prezidenti bo‘lganidan doim faxrlanganini aytdi. Islom Karimovni esa bir marta – 2010-yil sentabr oyi boshida, u rafiqasi bilan tug‘ilib o‘sgan xonadoniga kelganida ko‘rgan. "O‘shanda rafiqasi bilan Registondan uygacha piyoda yurib kelgandi. Tug‘ilib-o‘sgan uyida osh yeb, tushlik qilishgan", – deydi u.
Islom Karimov vafotidan olti oy o‘tgach, uning nomidagi fond xonadonni asrab-avaylash va qarab turish vazifasini Rahimberdiyevning otasi Komil Rahimberdiyevga ishonib topshirgan. Uning otasi avval mahalla raisi bo‘lib ishlagan, birinchi prezident vafot etgan kuni uning jasadini yuvishda, shuningdek, ta’ziya va boshqa marosimlarda ishtirok etgan. "Yarim yildan keyin shu xonadonga qarab turishlarini ishonib topshirishdi. Otam vafot etganidan keyin asosan men qarab turibman. Bu yerga viloyatdagi masjidlardan imom va imom-noiblar ham kelib turadi", – dedi Karim Rahimberdiyev. Uning qayd etishicha, har yili Islom Karimov tug‘ilgan va vafot etgan sanalarda, shuningdek, Hayit bayramlarida Tatyana Karimova boshchiligida xonadonda qo‘y so‘yilib, ehson qilinadi.
**Islom Karimov o‘qigan maktab**
Registon maydoni hamda Bibixonim majmuasi oralig‘ida Islom Karimov tahsil olgan 21-umumta’lim maktabi joylashgan. Birinchi prezident bu muassasada 1950-1955-yillarda o‘qigan. Muassasa qoshida 1992-yilda maktab tarixi va o‘quvchilari erishgan yutuqlarga bag‘ishlangan muzey tashkil etilgan. Unda maktab tarixiga oid eksponatlar bilan birga, Islom Karimovning o‘quvchilik davrini aks ettiruvchi surat, hujjat va boshqa ashyolar ham saqlanadi.
Maktab maslahatchisi Dildora Bahronovaning aytishicha, muzeyda Islom Karimovning 8-9-sinflarda o‘qigan yillariga oid sinf jurnallarining asl nusxalari bor. Ularda Karimovning barcha baholari 5 bo‘lgani ko‘rinadi. "Jurnallarga ko‘z yugurtirsangiz, birinchi prezidentimiz 5 bahoga o‘qiganini ko‘rish mumkin. U kishi aniq fanlarga qiziqqan", – deydi u. Ushbu jurnalda Islom Karimov 14-bo‘lib qayd etilgan.
Muzeyda Islom Karimovning bolalik va o‘smirlik davri aks etgan fotosuratlari, sinfdoshlari va o‘qituvchilari bilan tushgan suratlari, maktabni bitirganlikka oid hujjatlari nusxalari, vinetkasi, o‘quvchilik yillarida o‘tirgan parta va medallari ham saqlanadi. Shuningdek, uning keyingi hayotiga oid ayrim fotosurat va hujjatlar, jumladan, institutda tahsil olgan davriga tegishli hujjatlar nusxalari ham muzeydan o‘rin olgan. "U kishi aviamodel to‘garagiga qatnashgan va unda eng faol o‘quvchilardan bo‘lgan. Ko‘p kitob va adabiyotlar, ayniqsa, tarixiy asarlarni o‘qishga qiziqqan", – deydi maktab maslahatchisi.
Islom Karimov maktabni 1955-yilda oltin medal bilan tamomlagan. Maktab rahbariyatining ma’lum qilishicha, o‘sha yili Samarqand viloyatiga bitta oltin medal berilgan va u Islom Karimovga nasib etgan. Shuningdek, u o‘sha yili viloyat miqyosida o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiadada ham g‘olib bo‘lgan. "Bu yerda u kishi o‘tirgan parta ham bor. Vaqti-vaqti bilan sayyohlar kelib, uni ko‘rishadi va qiziqish bildirishadi", – deydi Dildora Bahronova.
Muzey faqat Islom Karimovning o‘quvchilik yillarini emas, maktabning umumiy tarixini ham qamrab olgan. Unda turli yillarda shu maktabda tahsil olib, sport va fan sohalarida yutuqlarga erishgan o‘quvchilarning suratlari, medallari, kuboklari va boshqa mukofotlari ham namoyish etilgan. 21-maktabga mahalliy aholi bilan birga O‘zbekistonning turli hududlari va xorijdan kelgan sayyohlar ham tashrif buyuradi. Islom Karimov o‘qigan sinflar, muzeydagi fotosuratlar, jurnallar va u o‘tirgan parta mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otadi.
**Islom Karimovning qabri**
Samarqand shahridagi "Hazrati Xizr" majmuasi rahbari Mahmudxon Muxtorovning aytishicha, mazkur masjid Markaziy Osiyodagi eng qadimiy masjidlardan biri hisoblanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, bu yer Xizr alayhissalom qadamjosi bo‘lgan. Masjid 712 yilda Qutayba ibn Muslim tomonidan qurdirilgan. Uning ta’kidlashicha, sovet davrida masjid ancha xarob ahvolga kelib qolgan. Mustaqillik yillarida esa marhum prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ikki marta ta’mirlangan.
"Islom Karimovning bu masjidga nisbatan hurmati boshqacha edi. Samarqandga har tashrif buyurganlarida imkoni boricha shu yerga kelib, elimiz va yurtimiz haqqiga duolar qilardi. Joyning ulug‘ligiga u kishining ehtiromlari juda katta bo‘lgan", – deydi Mahmudxon Muxtorov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov "Hazrati Xizr" majmuasi hududiga dafn etilishini vasiyat qilgan. 2016-yil sentabrda vasiyatga muvofiq, ko‘rsatilgan joyga dafn etilgan.
2017-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom Karimov qabri ustiga maqbara barpo etilib, masjidning ayvonlari ham yangidan qurilgan. Ushbu jarayonda qadimiy masjid ham kapital ta’mirlandi. Majmua rahbarining aytishicha, o‘n yildirki, ziyoratchilar oqimi to‘xtamaydi. Har kuni yuzlab mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar bu yerga tashrif buyuradi. Mahmudxon Muxtorovning qayd etishicha, Islom Karimovni shaxsan ko‘rgan, u bilan bir davrda ishlagan yoki suhbatlarini eshitgan keksalardan tashqari, talabalar va maktab o‘quvchilari ham guruh-guruh bo‘lib, majmuaga tez-tez keladi.

