«Kapitalbank» 50 mln dollarlik dollar obligatsiyalarini chiqaradi
«Kapitalbank» yillik 7% stavka bilan muomala muddati 731 kun boʻlgan, nominali $100 dollardan iborat 500 ming dona dollarlik obligatsiyalarni chiqaradi.

«Kapitalbank» ATB qiymati 50 mln AQSh dollariga teng boʻlgan, AQSh dollarida nominatsiyalangan foizli korporativ obligatsiyalarni chiqarishni rejalashtirmoqda.
Tegishli qaror 2026 yil 29 oktyabr kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan bank aktsiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishida qabul qilindi.
Bank har birining nominal qiymati 100 dollar boʻlgan 500 ming dona egasi yozilgan obligatsiyalarni joylashtiradi. Kupon stavkasi yillik 7% darajasida belgilangan, kupon daromadini toʻlash esa har chorakda amalga oshiriladi.
Jami sakkizta kupon davri nazarda tutilgan. Qimmatli qogʻozlarning muomala muddati muomala boshlangan sanadan eʼtiboran 731 kunni tashkil etadi. Obligatsiyalar boʻyicha taʼminot nazarda tutilmagan.
Obligatsiyalarni joylashtirish chiqarilish davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran bir yil davomida ochiq obuna boʻyicha oʻtkaziladi.
Bitimlar tashkillashtirilgan qimmatli qogʻozlar bozorida savdo tashkilotchisining qoidalariga muvofiq tuziladi. «Kapital Securities» MCHJ investitsiya vositachisi anderrayter etib tayinlandi.
Obligatsiyalar boʻyicha toʻlov va ularni qaytarish AQSh dollarida naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
Hisob-kitoblar «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar uchun belgilangan qoidalar boʻyicha olib boriladi.

