Oʻzbekistonda valyuta obligatsiyalarining ilk chiqarilishi roʻyxatga olindi
NAPP chet el valyutasidagi korporativ obligatsiyalarning birinchi chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazdi. Emitent sifatida Asia Alliance Bank ishtirok etdi.

Oʻzbekistonda valyuta obligatsiyalarining ilk chiqarilishi roʻyxatga olindi
Oʻzbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi chet el valyutasida ifodalangan korporativ obligatsiyalarning ilk chiqarilishini roʻyxatdan oʻtkazdi. Bu haqda ILMA xabar bermoqda.
«Asia Alliance Bank» ATB obligatsiyalar emitenti boʻldi. Chiqarilishning umumiy hajmi 20 mln AQSh dollarini tashkil etadi, bir dona obligatsiyaning nominal qiymati esa 100 AQSh dollari etib belgilangan.
Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish ochiq obuna yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Chiqarilishni davlat roʻyxatidan oʻtkazish Kapital bozori sohasidagi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalada boʻlish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi, 2024 yil 29 aprelda 3826-son bilan roʻyxatga olingan Nizomga muvofiq amalga oshirildi.
Oʻzbekiston rezident-emitentlari uchun chet el valyutasida ifodalangan korporativ obligatsiyalarni chiqarish imkoniyati Prezidentning 2025 yil 18 dekabrdagi «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-254-sonli farmoniga muvofiq «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida yaratilgan edi.
ILMA maʼlumotlariga koʻra, yangi vositaning joriy etilishi Oʻzbekiston kapital bozoridagi moliyaviy vositalar koʻlamini yanada kengaytirishga qaratilgan.

