Kanada Charlz III surati tushirilgan yangi 20 dollarlik banknotani taqdim etdi

Kanada Charlz III surati aks etgan yangi 20 dollarlik banknotani namoyish qildi
Kanada banki qirol Charlz III tasviri tushirilgan yangi 20 dollarlik banknotani taqdim etdi.
Yangi kupyura vertikal ko‘rinishda bo‘lib, asosan yashil rangda ishlangan. Uning old tomonida Charlz III portreti, orqa tomonida esa Fransiyadagi Kanada milliy Vimi memoriali tasvirlangan.
Bu Kanadada Charlz III surati tushirilgan ilk banknota hisoblanadi. Shuningdek, mamlakat pullarida yangi monarx portreti 70 yildan ortiq vaqt ichida birinchi marta paydo bo‘lmoqda.
Qirol portreti atrofida uning atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi faoliyatini ifodalovchi gul va barglar aks ettirilgan. Banknotada Kanadaning 13 ta provinsiya va hududini ifodalovchi gul ramzlari ham bor.
Yangi banknota polimerdan tayyorlangan. Unda Kanada pullarida ilgari qo‘llanmagan himoya texnologiyalari ham joriy etilgan. Xususan, binafsha rangli himoya tasmasida kupyurani qimirlatganda aylanib, shaklini o‘zgartirayotgandek ko‘rinadigan elementlar mavjud.
Kanada banki rahbari Tiff Maklem yangi kupyuradagi himoya unsurlari uni qalbakilashtirishni qiyinlashtirishini aytdi.
Kanada to‘la mustaqil va suveren davlat bo‘lishiga qaramay, u konstitutsiyaviy monarxiyani saqlab qolgan va Millatlar Hamdo‘stligi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Britaniya monarxi Kanadaning konstitutsiya bo‘yicha tan olingan davlat rahbari ham sanaladi.
Qirolicha Yelizaveta II Kanada 20 dollarlik banknotasida ilk bor 1935-yilda, u hali sakkiz yoshli malika bo‘lgan paytda tasvirlangan. 1937-yildan boshlab esa qirol Georg VI surati mamlakatning bir qator banknotlarida paydo bo‘lgan. 1954-yildan beri Kanada banknotlarida asosan Yelizaveta II portreti ishlatib kelinmoqda.
Yangi 20 dollarlik banknota 2027-yil fevral oxiridan bosqichma-bosqich muomalaga chiqariladi.

