Kambagʻallikni qisqartirishga masʼullar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi
Kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi, deya eʼlon qildi prezident Shavkat Mirziyoyev. Bu tizimda “mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi. Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi boʻyicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga oʻtkaziladi. Hokimlar butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambagʻallik va bandlik masalalari bilan shugʻullanadi.

Kambagʻallikni qisqartirishga masʼul shaxslar kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.
Prezident topshirigʻiga binoan, iqtisodiy kompleksning barcha rahbarlari Xorazmda qolib, kambagʻallik bilan kurashish tizimini oʻzgartirish boʻyicha tahlillar oʻtkazdi.
Ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming kambagʻal aholi, yaʼni 19 ming oilaning ahvoli oʻrganildi. Ushbu oilalarda 12 ming ishsiz va 10 ming kam daromadli aholi borligi aniqlandi.
Ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming ishchi izlamoqda.
Masʼullarga ishsiz va kam daromadli aholini korxonalar talabiga asosan kasbga oʻqitib, ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini ishga solish vazifasi yuklatildi.
Mavjud boʻsh ish oʻrinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlaridan foydalanish orqali kambagʻal oilalardagi 10-15 ming nafar aholining daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.
Xorazmda oʻrganilgan kambagʻal oilalarda 48 ming nafar bola borligi aniqlandi. Biroq masʼullarda ushbu yoshlar bilan alohida shugʻullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb etish boʻyicha maxsus dastur mavjud emas.
Viloyatning har bir tumanida kamida 1-2 tadan texnikum va 4-5 tadan oʻquv markazi faoliyat yuritmoqda. Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va oʻquv markazlarida kambagʻal oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etish vazifasi belgilandi.
Xorazmda kambagʻal oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bogʻcha qamrovi 75 foizga ham yetmasligi koʻrsatib oʻtildi.
646 nafar kollej oʻquvchisi hamda oliygoh talabasining hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, dual taʼlim asosida kasbiy koʻnikmalarini oshirish imkoniyati bor.
Shuningdek, kambagʻal oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi boʻlgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila aʼzolariga daromadli mehnat bilan shugʻullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

