Dunyo

Kaliningradda Yevropani kuzatish uchun radar qurilmoqda

Radiolokatsion stansiya 3 ming km masofadagi obyektlarni aniqlay oladi. U NATO davlatlarining dronlardan foydalanish samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin.

Kaliningradda Yevropani kuzatish uchun radar qurilmoqda

Rossiyaning Kaliningrad viloyatida harbiylarga 3000 km gacha masofada samolyot, raketa va kemalarni aniqlash imkonini beradigan ulkan radiolokatsion stansiya qurilishi yakunlanmoqda.

Radiolokatsiya ta’siri doirasiga Yevropaning katta qismi, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Ukraina kirishi mumkin. Majmua Polsha bilan chegaradan 37 kilometr uzoqlikdagi Gvardeysk tumanida qurilmoqda.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida har birining uzunligi 500 metrdan oshadigan uch qator antenna ko‘rinadi. Hudud esa ikki qator devor bilan o‘ralgan. Polshaning Defence24 nashri ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish 2023-yil mart oyida boshlangan. Gap 29B6 “Konteyner” majmuasiga o‘xshash radiolokatsiya stansiyasi haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. U qisqa to‘lqinli diapazonda ishlaydi. Signallar ionosferadan qaytib, uzoqdagi obyektlarni aniqlash imkonini beradi.

Rossiya harbiylarining ta’kidlashicha, “Konteyner” bir vaqtning o‘zida 10 minggacha havo nishonlarini, jumladan, F-35 samolyotlarini kuzatishga qodir. Litva Qurolli kuchlari zaxirasi polkovnigi Vaydotas Malinionisning aytishicha, yangi radar Rossiya qo‘mondonligiga NATO bilan mojaro yuzaga kelgan taqdirda qaror qabul qilish uchun qo‘shimcha vaqt berishi mumkin.

Stansiya orqali olingan ma’lumotlardan hujum operatsiyalarini rejalashtirishda ham foydalanish ehtimoli bor. Malinionisning so‘zlariga ko‘ra, katta o‘lchami tufayli radarni nishonga olish oson. Latviyalik harbiy tahlilchi Eviya Dyatkovichning fikricha, radar rus harbiylariga past uchadigan obyektlarni, jumladan, dronlarni aniqlashda ham yordam beradi. Uning fikricha, bu NATO davlatlari tomonidan dronlardan foydalanish samaradorligini pasaytirishi mumkin.

Kaliningrad viloyatining Chernyaxovsk tumanida diametri 1600 metrdan ortiq bo‘lgan yana bir yirik halqasimon radar qurilmoqda, deb xabar bermoqda Defence24.

Uning qurilishi ham 2023-yil mart oyida boshlangan. Ikkala obyekt ham o‘zaro bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo ikkinchi majmuaning maqsadi noma’lum. Hududda jami 20 dan ortiq radioelektron razvedka va kurash obyektlari mavjud.

Rossiya Kaliningrad viloyatida yuztagacha yadro kallagini joylashtirishi mumkin, deydi Malinionis. Polsha va Litvaning yuqori martabali manbalari esa ularning bir qismi allaqachon ushbu viloyatda joylashtirilganini aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.