Kaliforniyalik er-xotin surrogat onalardan tugʻilgan kamida 14 nafar bolaga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlganlikda ayblanmoqda
Oʻtgan yili qaramogʻidan 21 nafar bola olib qoʻyilganidan keyin Gojun Syuan va Silviya Chjan Arkadiyadagi hashamatli uyida hibsga olindi.

Kaliforniyalik er-xotin surrogat onalik orqali tugʻilgan kamida 14 nafar bolani qiynoqqa solishda, shuningdek, guvohni fikridan qaytarishga urinishda ayblanmoqda. Bolalarning ayrimlari bor-yoʻgʻi ikki oylik boʻlgan.
«Bu dahshatli zoʻravonlikka duchor boʻlgan bolalar soni misli koʻrilmagan darajada koʻpdir», dedi Los-Anjeles okrug prokurori Natan J. Xochman oʻz bayonotida.
AQSh OAVlari er-xotin deb taʼriflayotgan Gojun Syuan va Silviya Chjan seshanba kuni Arkadiyadagi hashamatli uyida hibsga olingan.
Bi-bi-sining AQShdagi hamkori CBS News xabariga koʻra, Pasadena sudida er-xotin oʻz ayblarini tan olmagan.
66 yoshli Syuan va 39 yoshli Chjan oʻtgan yili ularning qaramogʻidan 21 nafar bola olib qoʻyilganidan keyin, oʻz uylarida yashagan 16 nafar boladan 15 nafarini muntazam ravishda jismoniy zoʻravonlikka duchor qilish uchun til biriktirganlikda ayblanmoqda.
Jinoiy daʼvo arizasiga koʻra, er-xotin oʻzlarining surrogat onalik biznesini yuritgan va surrogat ona boʻlgan kamida ikki ayolga Chjan homilador boʻlishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytib, yolgʻon maʼlumot berganlikda ayblanmoqda.
2025 yil may oyi holatiga koʻra, Chjan 21 nafar bolani, jumladan, surrogat onalardan tugʻilganlarni kuzatib borish uchun elektron jadval yuritgan.
Rasmiylarning bildirishicha, tergov oʻsha oyda, Chjan ikki oylik chaqaloqni bosh jarohati bilan shifoxonaga olib borib, tibbiyot xodimlariga bola karavotdan yiqilib tushganini aytganidan keyin boshlangan.
Er-xotinning advokati Mitchell Krems u oʻrganib chiqqan dalillarga tayanib, bu ayblovni «notoʻgʻri talqin qilish» deb atadi, deb xabar berdi Los-Anjelesdagi CBS News.
Shifoxona xodimlari huquq-tartibot idoralarini ogohlantirgan va politsiya uyga borganida «oʻquv markazlari» deb taʼriflangan va bir nechta enagalar tomonidan nazorat qilinadigan uchta alohida xonani topgan. Xochman bu uyni «dahshatlar uyi» deb atadi.
Uyda harakatga sezgir 32 ta kamera boʻlgan boʻlib, Xochmanning soʻzlariga koʻra, er-xotin ulardan enagalar tomonidan qoʻllaniladigan jazo choralarini nazorat qilish uchun foydalangan.
Tasvirlarda enagalar bolalarni urayotgani, tarsakilayotgani yoki kaltaklayotgani aks etgani aytilmoqda.
Enagalardan biri, Chunmey Li, bosh jarohati olgan ikki oylik chaqaloqni shifoxonaga olib borilishidan ikki kun oldin urganlikda ayblanmoqda.
Kremsning aytishicha, Li zudlik bilan ishdan boʻshatilgan, deb xabar berdi CBS News LA.
58 yoshli Li avvalroq ogʻir tan jarohati yetkazish yoki oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan sharoitlarda bolaga nisbatan zoʻravonlik qilish jinoyatida ayblangan edi. Xochmanning aytishicha, u qochib yuribdi va uni hibsga olish uchun 105 000 dollarlik (£88 800) order berilgan.
2025 yil iyul oyida rasmiylar birinchi marta er-xotinning uyida tintuv oʻtkazib, 21 nafar bolani davlat qaramogʻiga olgan edi.
Dastlabki tintuv vaqtida Arkadiya politsiya departamenti bolalarning yoshi ikki oylikdan 13 yoshgacha boʻlganini, biroq ularning aksariyati bir yoshdan uch yoshgacha boʻlganini maʼlum qilgan.
Bolalarning 15 nafari er-xotinning uyidan olib ketilgan, qolgan olti nafari esa boshqa joyda yashagan va keyinchalik ular ham vasiylikka olingan.
Krems uning himoyasi ostidagi Syuan aybsiz ekanini aytdi.
«U koʻp farzandli boʻlish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqidan foydalangani uchun nishonga olinmoqda», deya advokatning soʻzlaridan iqtibos keltirdi CBS News.
Tergovchilarning fikricha, surrogat onalar butun mamlakat boʻylab kelgan va bir vaqning oʻzida er-xotin uchun embrionlarni koʻtarib yurganlarini bilishmagan.
Surrogat onalardan ikki nafarining advokati Melissa Brisman CBS News telekanaliga shunday dedi: «Bu juda yaxshi yangilik, odamlar oʻz qilmishlari uchun javobgarlikka tortiladi va agar siz surrogatlik tizimini suiisteʼmol qilsangiz, buning oqibatlari boʻladi».
Agar aybdor deb topilsa, Syuan davlat qamoqxonasida maksimal 17 yil-u toʻrt oylik, Chjan esa 11 yil-u sakkiz oygacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Li esa 12 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

